Jahon iqtisodiy forumi doirasida tashkil etilgan yosh liderlar yillik sammitining uch kun davom etgan sessiyalari, tadbir doirasidagi turli mavzular bo‘yicha chiqishlar nihoyasiga yetdi. Bu haqda “WAM” axborot agentligi xabar bergan.
Anjuman doirasida raqamli iqtisodiyot, ta’lim, ijodiy industriya, keng qamrovli iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish, sog‘liqni saqlash va hayot to‘g‘risidagi fanlar, tadbirkorlik, investitsiya va “yashil” texnologiya sohalariga bag‘ishlangan seminarlar tashkil etildi.
Shaharlarda barqaror ishlab chiqarish salohiyati, biologik texnologiya inqilobi, sun’iy intellekt orqali qaror qabul qilish imkoniyatini kengaytirish, kelajak uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va innovatsion ta’minot zanjirini yaratish bo‘yicha muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman har yili o‘tkazilishi yoshlarning imkoniyatini kengaytirish, g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va kelajagiga sarmoya kiritish muhimligini ko‘rsatish maqsadini ko‘zlaydi. Bu loyiha zamirida BAA hukumati va Jahon iqtisodiy forumi hamkorligida kelajakni belgilash hamda qarashlarni haqiqatga aylantirish bo‘yicha yosh yetakchilar roli haqidagi umumiy falsafa mujassamlashgan.
Besh yuzdan ortiq a’zo bilan birga yuqori martabali mas’ullar, yetakchi akademik ekspertlar ishtirok etgan tadbirda yoshlarning kelajakni tasavvur qilishi, loyihalash va qurilishdagi o‘rni haqida so‘z bordi. Shuningdek, hukumat va muassasalar ko‘magida yosh liderlarning kelajakni qurishga hissa qo‘shishi mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Jahon yosh liderlari sammiti 2004 yil dunyodagi yosh yetakchilarga mahalliy, mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalarda, kelajak yo‘lidagi muammolarga amaliy yechim topishda yordam berish uchun tashkil etilgan.
Shahnoza TOSHTEMIROVA tayyorladi.
O‘zA