Global Media Congress bu Abu Dabidagi ADNEC Group va Amirliklar axborot agentligi (WAM) BAA vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon homiyligida o‘tkaziladigan muhim tadbirdir.

Kongressda dunyoning turli davlatlaridan qator ommaviy axborot vositalari vakillari va nufuzli shaxslar ishtirok etadi.
Unda raqamli aloqa, sun’iy intellekt, ilg‘or texnologiyalar va media sektoridagi innovatsiyalar sohasidagi bir qancha asosiy mavzular muhokama qilinadi. Shuningdek, jurnalistika, radio, televideniye, internet va ijtimoiy tarmoqlarga bag‘ishlangan maxsus sessiyalar o‘tkaziladi.
Ushbu ixtisoslashtirilgan konferensiya OAV xodimlari uchun sohaning so‘nggi tendensiyalari va muammolari bilan tanishish uchun ajoyib imkoniyatdir.
O‘tgan 2022 yilgi Media Kongressda 13 656 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Unda 42 davlatdan 192 ta xalqaro media-kompaniya va muassasalar, shuningdek, media sektoridan 1200 dan ortiq  ekspert va mutaxassislar ishtirok etishgan.

Tadbir mahalliy va xalqaro media tashkilotlari o‘rtasida 10 dan ortiq hamkorlik shartnomalarini imzolash imkonini berdi va ommaviy axborot vositalarining ilg‘or innovatsiyalari ishga tushirilganiga guvoh bo‘ldi.
Bu yilgi Global Media Congress 14-16 noyabr kunlari Abu-Dabi milliy ko‘rgazma markazida bo‘lib o‘tadi.

Shahnoza Toshtemirova, 
Doniyor Yakubov (video), O‘zA