17-18 oktyabr kunlari Pekin shahrida “Makon va yo‘l” doirasida xalqaro hamkorlikning oliy darajadagi 3-anjumani bo‘lib o‘tadi, deb xabar tarqatmoqda Xitoy ommaviy axborot hamjamiyati. Tadbirning ochilish marosimida XXR rahbari Si Szinpin ishtirok etadi.
Hukumat forumga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rgan. Ulkan xalqaro tadbirning oliy darajadagi mehmonlari – davlat rahbarlari qatorida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bor. Dunyoning jami 140 dan ziyod mamlakati vakillari tadbirlarda ishtirok etish xohishini bildirgan.
Tashkilotchilar hisob-kitobicha, anjumanda 4 mingdan ziyod kishi ishtirok etadi. Xitoy tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ma Chjaosyuy “Xinhua” agentligiga intervyu berib, jumladan shunday dedi:
– “Makon va yo‘l” xalqaro hamkorligi o‘z oldiga umumiy farovonlik va taraqqiyot sari to‘xtovsiz harakatlanishni ta’minlashdek o‘ta muhim vazifa qo‘ygan. Hamkorlarimiz bilan birga tashabbus doirasida loyihalarni yanada keng, chuqur va uzluksiz amalga oshirish yo‘lida hamfikr jamiyat yaratishimiz kerak.
Tadbir davomida transport tizimini rivojlantirish, ekologik loyihalar va raqamli iqtisodiyotga bag‘ishlangan uchta oliy darajadagi anjuman bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, tashqi savdo munosabatlari, madaniy-gumanitar aloqalar, tahlil markazlari o‘rtasida hamda mintaqaviy hamkorlik, dengiz loyihalarini hayotga joriy qilish mavzularini qamrab olgan oltita konferensiya o‘tkaziladi. Qolaversa, ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida keng ko‘lamli yig‘ilish o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.
Imzolanadigan hujjatlar, ilgari suriladigan tashabbuslar, hamkorlik mexanizmini takomillashtirishga intilish, shuningdek loyihalar, strategik tadbirlar ko‘lami anjuman juda samarali o‘tishidan darak bermoqda.
Pekin tantanalar ruhiga cho‘mgan
Ko‘plab xorijiy yetakchilar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, dunyoning taniqli siyosatchilari, olimlar va yirik jamoat arboblari Chin o‘lkasiga tashrif buyurishi munosabati bilan poytaxt hokimiyati shaharning markaziy qismida, xalqaro forum o‘tadigan joy atrofida jamoatchilik xavfsizligi nazoratini kuchaytirishi uchun politsiya va maxsus xizmat idoralari xodimlarini jalb qilgan. Tyananmen maydonida barcha mamlakatlar, jumladan O‘zbekiston davlat bayrog‘i hilpirab turadi.
S.Rahimov,
O‘zA