Hayotimizda sodir bo‘ladigan turli ofatlarning oldini olish va ulardan keladigan zararni kamaytirish chora-tadbirlarini ko‘rish muhim masalalardan biridir. Kutilmagan favqulodda vaziyatlar oqibatlari insonlar hayoti va salomatligiga, mamlakatlar iqtisodiyotiga zarar yetkazishi sir emas. Shu bois ham tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni jadallashtirish lozim.

1989 yilda BMT Bosh Assambleyasining 44-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyaga binoan 1990-1999 yillar tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish o‘n yilligi deb e’lon qilingan. Shu davr mobaynida har yili oktyabr oyining ikkinchi chorshanbasi Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni deb e’lon qilingan.

Bu borada keng miqyosdagi chora-tadbirlarni davom ettirish maqsadida BMT Bosh Assambleyasining 2017 yil 17 yanvardagi rezolyutsiyasiga asosan har yilning 13 oktyabr sanasi muntazam ravishda Xalqaro halokatlar xavfini kamaytirish kuni deb e’lon qilindi.

BMT tomonidan barcha a’zo davlatlar va xalqaro tashkilotlarga ushbu kunni munosib darajada nishonlash, turli halokatlarning oldini olish va ularning xavfini kamaytirish bo‘yicha dasturiy rejalar ishlab chiqish, imkon qadar talafotlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish tavsiya etiladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish Xalqaro strategiyasi, Xalqaro Fuqaro muhofazasi tashkiloti va Osiyo tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish markazi bu masala bilan bevosita shug‘ullanadi. Osiyo tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish markazi Osiyo qit’asida tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish maqsadidagi asosiy xalqaro xamkorlik tashkiloti sifatida 1998 yil tuzilgan. Unga 25 ta mamlakat, jumladan O‘zbekiston ham a’zo hisoblanadi.

Yurtimizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar turli ofatlarning oldini olish, aholining bu boradagi hushyorligini oshirish borasida muntazam faoliyat olib boradi.

M.Komilova, O‘zA