O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Chexiya Respublikasida bo‘lib turipti.
10 oktyabr kuni Chexiya hukumati uyida O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasini rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Bosh vazir Abdulla Aripov Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Petr Fiala boshchiligida ikki mamlakat hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarni olqishlashini ma’lum qildi.
Chindan ham, keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, bozor mexanizmlarini mustahkamlash, bank sohasini rivojlantirish, xususiylashtirishni kengaytirish, huquqiy himoyani kuchaytirish va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘z navbatida, mushtarak maqsadlar va albatta, O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlar chet ellik, shu jumladan, chexiyalik hamkorlar uchun mamlakatimizning jozibadorligini oshiryapti. Buni joriy yil 24-25 aprel kunlari Chexiya Bosh vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning yurtimizga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar ham tasdiqlaydi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar holati va istiqboldagi vazifalar ko‘rib chiqildi.
Bugun O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 50 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish mamlakatlarimiz uchun birdek manfaatli bo‘ladi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning yanvar-avgust oylarida o‘zaro savdo hajmi qariyb 2,5 barobar o‘sdi. Bunga O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi Preferensiyalar bosh tizimiga (“GSP+”) qo‘shilgani ham yordam berdi. Biroq bu ko‘rsatkich mavjud salohiyatga mos emasligi, o‘zaro savdodagi disbalansni to‘g‘rilash bo‘yicha faol ishlash zarurligi qayd etildi. O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining yuqori standartlari va texnik reglamentlariga mos keladigan tayyor mahsulotlarni eksport qilishdan manfaatdor.
Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining Yevropa bozorlariga chiqishida yagona «SE» (Certification Europe) belgisi bilan sertifikatlash maqsadida sinovdan o‘tkazish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Uchrashuvda shuningdek, investitsiya, qurilish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, transport, bandlik, ta’lim, tibbiyot, turizm kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va uni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Chexiya Respublikasining Brno shahrida o‘tkazilgan xalqaro sanoat ko‘rgazmasida O‘zbekistonning eksport salohiyati namoyish etildi.
Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Petr Fialaning taklifiga binoan ayni paytda ushbu mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasi Brno shahrida an’anaviy tarzda 60 yildan beri har yili o‘tkazib kelinayotgan “MSV 2023” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida ishtirok etdi.
Uning rasmiy ochilish marosimida Bosh vazir Abdulla Aripov so‘zga chiqib, mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiliklarida xorijiy sarmoyadorlar, savdo-sotiq ishlari, kompaniyalar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun qulay imkoniyatlar yaratilgani haqida ma’lumotlar berdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatlar o‘zlarining turli sohalardagi salohiyatini namoyish etish, xorijlik sarmoyadorlarni milliy iqtisodiyotiga jalb qilish, yangi hamkorlarni topish va istiqbolli kelishuvlarga erishishda mana shunday nufuzli xalqaro ko‘rgazmalar muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ushbu ko‘rgazmada 43 davlatdan 1 ming 260 ta kompaniya ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi bunday yirik formatdagi ko‘rgazmada alohida stend bilan ilk bor qatnashayotir.
“Made in Uzbekistan” milliy stendida mamlakatimizning metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish borasidagi sanoat salohiyatidan namunalar aks ettirilgan.
O‘zA