Filial professor-o‘qituvchilariga ehtirom ko‘rsatildi

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda filial direktori Adilbay Yesimbetov professor-o‘qituvchilarni samimiy muborakbod etib, o‘zining ezgu tilaklarini bildirdi. Shu bilan birga davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan so‘nggi yillarda soha xodimlariga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom va ularning maqomini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

Shundan so‘ng filialning faol, samarali mehnat qilib, yosh avlodni tarbiyalashda alohida fidokorona xizmat ko‘rsatib kelayotgan professor-o‘qituvchilari va xodimlariga fahriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir ishtirokchilariga talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.

Elektromobillarni zaryadlash stansiyalari ko‘rgazmasi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida ilk marta “Green Drive Expo: Charging the Future”  mavzusida elektromobillarni zaryadlash stansiyalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilganidek, bugungi kunga kelib,mamlakatimiz bo‘ylab elektromobillardan foydalanish ommalashib bormoqda. Bunday ko‘rgazmalarning tashkil etilishi elektromobillarni zaryadlash stansiyalari sonining va sifatining ortishiga xizmat qiladi.

Tadbir ishtirokchilari“VOLTAUTO” kompaniyasining xalqaro sertifikatiga ega bo‘lgan eng zamonaviy zaryadlash stansiyalari, ularning narxlari va xizmat ko‘rsatish shartlari bilan yaqindan tanishdi.

YPX xodimlariga xizmat avtomashinalari topshirildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda yo‘llarda inson hayotini saqlash, yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash bo‘yicha bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilayotganligini qayd etdi.

Tadbirda  yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan bir guruh xodimlar va faxriylar pul mukofoti hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, yo‘l-patrul xizmati bataloni xodimlariga 7 dona xizmat avtomashinasi tantanali ravishda topshirildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri.