1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni

So‘nggi yillarda ta’lim tizimini yangicha rivojlantirish, o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularni ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni har tomonlama bilimli qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Sohani bundan 7-8 yil avvalgi shart-sharoitlar bilan taqqoslab bo‘lmaydi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Ahmed Narimbetov. – Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigidagi “Muallimning obro‘-e’tibori – bu, avvalo, millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir” degan fikrlari bugun ayni haqiqatga aylanmoqda.

Barchamizga ma’lum, xalqimiz azaldan muallim va ustoz deganda, dastlab teran bilimga ega, fikrlash doirasi keng, o‘zini tutishi va nutq madaniyati bilan ajralib turadigan, boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan, eng asosiysi, o‘z hayotini farzand tarbiyasi va uning kamoli bilan bog‘lagan savobli kasb egalarini tasavvur qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 28 avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi. Jumladan,  ta’lim sifatini oshirish maqsadida respublika bo‘yicha 500 ta maktabda Prezident maktabi va ixtisoslashgan maktablar o‘quv dasturi hamda baholash tizimini joriy etish, kelgusi o‘quv yilidan kadrlar yetishmaydigan, og‘ir maktablar oldindan tanlanib, ular uchun maqsadli davlat buyurtmasini joriy qilish, direktorlikka nomzodlarni faqat sertifikati bor va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlash va muddatli shartnoma asosida ishga olish, xususiy maktablarni tashkil etish kabi qator vazifalar ilgari surildi.

So‘nggi besh yil ichida Qoraqalpog‘istonda umumiy ta’lim maktablari soni 706 tadan 722 taga oshib, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi 14,2 foizdan  41,8 foizga yetdi. Iste’dodli yoshlarimizni o‘qitish tizimini yanada rivojlantirish maqsadida hududda Prezident ta’lim  muassasalari agentligi tizimida 18 ta  ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil qilindi.

So‘nggi ikki yil mobaynida Orolbo‘yida ham bir qator umumta’lim maktablarining binolari yangidan barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Jumladan, Nukus shahridagi “Allaniyaz Qahramon” hamda “Bog‘chilik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida 1 ming 584 o‘ringa mo‘ljallangan 2 ta yangi maktab,  Kegeyli tumani “Oqtuba”  ovul fuqarolar yig‘ini hududida 330 o‘ringa mo‘ljallangan, Qorao‘zak tumani “Yesimo‘zak” ovul fuqarolar yig‘ini hududida 330 o‘ringa mo‘ljallangan  yangi maktab qurib bitkazilgan bo‘lsa, Qonliko‘l tumani “Navro‘z” ovul fuqarolar yig‘ini hududida 330 o‘ringa mo‘ljallangan  yangi umumta’lim maktabining qurilish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, Nukus shahrida 504 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan  o‘quv binosi, 222 o‘rinlik yotoqxona hamda sport zalni o‘z ichiga olgan ixtisoslashtirilgan maktabning qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Ta’lim sohasidagi yana bir ahamiyatli masalalardan biri xususiy maktablar ochishdir. Bugungi kunda Nukus shahrida, Ellikqal’a hamda To‘rtko‘l tumanlarida 4 ta xususiy maktab faoliyat olib borib, ularda 612 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Tadbirkorlar tomonidan Nukus shahrida 320 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan  yana 2 ta xususiy maktab barpo etish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Xo‘jayli tumanidagi 14-umumta’lim maktabining bo‘sh turgan binosi qayta rekonstruksiya qilinib, kasb-hunarga yo‘naltirish markazi tashkil etildi.  Markazda o‘quvchilar 6 ta yo‘nalish, jumladan, ustachilik, chet tillarini o‘rganish, mobil telefon ta’mirlash, ayollar sartaroshi, tikuvchilik, qandolatchilik bo‘yicha amaliyot va bilim ko‘nikmalarini olishadi.

Ta’kidlash lozimki, aksariyat maktablarda texnologiya fani xonalari zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlanmagan yoki aksariyatida mavjud uskunalar  eskirgan. Barcha maktablarni bir vaqtning o‘zida byudjet mablag‘i hisobidan asbob-uskunalar bilan ta’minlashning iloji yo‘q. Shuning uchun ham maktab rahbarlari tashabbuskorlik ko‘rsatib, ta’lim loyihalari, mahalliy va xorijiy grantlarda ishtirok etib, maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini ko‘rishi kerak.

Xalqimizda izlagan imkon topadi, degan gap bor. Ayrim maktab rahbarlari bu borada izlanishlar olib bormoqda. Jumladan, Beruniy tumanidagi 69-umumta’lim maktabi texnologiya fani xonasiga zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilish uchun “Open budget” loyihasida 1 milliard so‘m, Shumanay tumanidagi 7-umumta’lim maktabi 700 million so‘mlik grant loyihasi g‘olibi bo‘ldi. Shuningdek, Nukus shahridagi 1-ayrim fanlar chuqur o‘rgatiladigan sinfi mavjud umumiy o‘rta ta’lim maktabida tikuvchilik ustaxonasiga uskunalar olish uchun Germaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasining 160 million so‘mlik grant loyihasi, 10-sonli maktab-internati Brayl displeyini xarid qilish uchun  350 million so‘mlik grant loyihasida yutib chiqdi.

–  Men sizlarning timsolingizda o‘z hayotini dunyodagi eng ulug‘ va olijanob ishga – yangi avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi insonlarni ko‘raman, – degan edi davlatimiz rahbari barcha o‘qituvchilar, maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga murojaatida. Ushbu e’tirof soha xodimlariga g‘urur va ehtirom bag‘ishlashi bilan birga, ularning har biriga katta mas’uliyat ham yuklaydi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),  

O‘zA muxbiri.