Bu yilgi Nobel haftaligi Stokgolmda fiziologiya yoki tibbiyot sohasidagi mukofot egasi nomini e’lon qilish bilan ochiladi. Tez kunlarda barcha nominatsiyalar bo‘yicha ham sovrindorlar ma’lum bo‘ladi.

“AzerTAJ” xabariga ko‘ra, fizika bo‘yicha Nobel qo‘mitasi qarori 3 oktyabrda, kimyo bo‘yicha 4 oktyabrda, adabiyot bo‘yicha 5 oktyabrda e’lon qilinadi. 6 oktyabr kuni Osloda Tinchlik mukofoti sohibi nomi e’lon qilinadi. Shvetsiya Davlat banki tomonidan 1968 yil ta’sis etilgan iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori 9 oktyabr kuni aniqlanadi.

1833-1896 yillarda yashab o‘tgan Alfred Nobel vasiyatnomada fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha g‘olib tanlashni 1810 yil tashkil etilgan, hozir dunyodagi yetakchi o‘quv va ilmiy tibbiyot markazlaridan biriga aylangan Stokgolmdagi Karolinska institutiga ishonib topshirgan. Ushbu muassasa qoshida tuzilgan Nobel qo‘mitasi besh doimiy a’zodan iborat bo‘lib, ular mutaxassislarni maslahatlashuvga taklif qilishi mumkin. Nomzod taqdim etish muddati 31 yanvarda tugaydi, shundan so‘ng ko‘rib chiqish jarayoni boshlanadi.

Qo‘mitalar so‘nggi daqiqagacha mukofotga nomzodning o‘zi yoki uni ilgari surganlar haqida hech qanday ma’lumot bermaydi. Mutaxassislar, odatda, sir tutilgan ism-shariflar haqida taxmin qiladilar.

Shvetsiyalik ekspertlar fikricha, noinvaziv prenatal testni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan gonkonglik molekulyar biolog Dennis Lo bu yil laureat bo‘lish imkoniga ega. Mukofotga ega chiqishi mumkin bo‘lgan yana bir olim – “BRCA1” irsiy ko‘krak saratoni genini kashf etgan amerikalik Meri-Kler King.

Amerikaning “Clarivate” kompaniyasi olimlarining iqtibos reytingiga asoslanib, kimlar mukofot olishi mumkinligini bashorat qilgan. Bu ro‘yxatda amerikaliklar Karl Jyun, Stiven Rozenberg va Mishel Sadelin ham bor. Ular saratonni davolash uchun kimerik antigen retseptorlar bilan T-hujayra terapiyasi sohasida tadqiqot olib borgan. Shuningdek, “Inson tanasining murakkab mikrobial ekotizimini ochib beruvchi hisoblash va sinov tadqiqoti uchun” yana bir AQSH vakili Rob Knayt ham mukofotlanishi mumkin bo‘lganlar ro‘yxatiga kiritilgan. Olimning faoliyati odam, hayvon va atrof-muhit mikrobiomalar (mikroorganizmlar jamoalari)ini tavsiflashning laboratoriya va hisoblash usullarini ishlab chiqishga yo‘naltirilgan.

Ehtimoliy g‘oliblar qatoriga uyqu tadqiqotchilari Emmanuel Mignot, Klifford Saper va Masashi Yanagisava ham qo‘shilgan. Ular “uyqu-uyg‘onish siklining genetik va fiziologik tadqiqoti hamda narkolepsiya bilan bog‘liq muhim uyqu regulyatori sifatida gipokretin yoki oreksinni kashf etgani uchun” e’tirof etilishi mumkin.

1901 yildan boshlab tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti 113 marta berilgan. Hozirgacha laureat bo‘lgan 225 kishidan 12 nafari ayol. Eng yosh g‘olib sifatida 1923 yil insulinni kashf etgani uchun 32 yoshli Frederik Banting tan olingan. Eng keksa nobelchi Payten Rouz esa ushbu noyob sovrinni 87 yoshida, 1966 yil onkogen virusni topgani uchun olgan.

Mukofotlar Nobel vafot etgan kuni – 10 dekabrda topshiriladi. Stokgolm filarmoniyasida bo‘lib o‘tadigan marosimda laureatlar g‘oya asoschisi surati tushirilgan oltin medal va qirol Karl XVI Gustav qo‘lidan diplom olishadi. 2020 va 2021 yillarda pandemiya sababli tadbir onlayn o‘tkazilgan. Joriy yil har bir nominatsiya bo‘yicha beriladigan pul miqdori o‘tgan yilga nisbatan 1 million kronga oshdi va 11 million kronga tenglashdi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA