Tomorqa daromadidan “Cobalt” mindi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumani “Qorao‘zak” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Azat Abdijamilov tomorqasidan olingan qo‘shimcha daromadi hisobidan “Cobalt” avtomashinasi sotib oldi.

– Yig‘inimiz hududida tomorqa yerlaridan samarali foydalanayotganoilalar ko‘p, – deydi “Qorao‘zak” OFY raisi Amanbay Temirxanov. – Tomorqalarda asosan piyoz, pomidor, kartoshka, sabzi va boshqa sabzavotlar ekiladi. Azat Abdijamilov tomorqadan unumli foydalanayotganlardan biridir. U o‘zining yer maydoniga ekiladigan ko‘chatlarni issiqxonasida yetishtiradi. Sabzavot ekinlaridan tashqari, mo‘jazgina bog‘i ham bor.

photo_2018-05-09_19-39-58.jpg

Darhaqiqat, Azat Abdijamilov tomorqasini ko‘rgan kishi havas qiladi. Bog‘dagi olma, o‘rik, olcha, nok, limon kabi40 dan ziyod daraxt va turli uzum navlaridan iborat tokzor ertangi mo‘l daromaddan darak berib turibdi. Tomorqa chetida turgan 20 quti asalarilari bahor mavsumida mevali daraxtlarni changlantirishga xizmat qiladi.

photo_2018-05-09_19-40-02.jpg

– Tomorqa – qo‘shimcha daromad manbai, degan gap asl haqiqat, – deydi A.Abdijamilov. – Issiqxonada ko‘chat yetishtirish bilan shug‘ullanganimga 3 yildan oshdi. 1 sotix yerga o‘tgan yil sentyabr oyida sarimsoqpiyoz ekkanman. Hozir gullamoqda. Bu yil issiqxona tuprog‘ini almashtirdik.Daromadimiz hisobidan yer haydaydigan mini-traktor va “Cobalt” avtomashinasi sotib oldik.

A.Abdijamilov dehqonchilik bilan birga parrandachilik va tuyachilikni ham yo‘lga qo‘ygan.Hozirda 100 bosh tovuq, 20 dan ziyod kurka va g‘oz, 10 ta tuya parvarishlayotgan oilaning daromadi yildan yilga ortmoqda.
photo_2018-05-09_19-40-13.jpg

 

Akvar Nasirlayev, O‘zA