Budapesht shahri meri Ishtvan Tarlosh boshchiligidagi Vengriya delegatsiyasi Buxoro viloyatida bo‘ldi.

260px-TarlósIstván_(crop).jpgBudapesht shahri delegatsiyasi bilan uchrashuvda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘zlab berdi.

2500 yildan ziyod tarixga ega Buxoro shahri Sharq gavhari sifatida butun dunyoga mashhur. Qadimiy kent betakror tarixiy obidalari, ulkan turizm salohiyati bilan xorijliklarni tobora o‘ziga jalb etmoqda. Bu yerga dunyoning turli mamlakatlari, jumladan, Vengriyadan kelayotgan sayyohlar soni oshib borayotir.

Delegatsiya a’zolari Buxoroning tarixiy maskanlari va boshqa diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi. Ko‘xna obidalar, ularga yondosh zamonaviy inshootlarmehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

– Buxoro haqida ko‘p eshitganman, – deydi Ishtvan Tarlosh. – Bu yerda ko‘rganlarim o‘qigan va eshitganlarimdan ziyoda ekan. Ajdodlaringiz dahosidan guvohlik berib turgan me’moriy yodgorliklar o‘ziga xosligi, har bir naqshida joziba va sehr mujassamligi bilan e’tiborni tortadi. Buxoroga ilk kelishimiz. Lekin bu sayohat bizni maftun etdi. Ochig‘i, barchamiz hayratdamiz.

Tashrif davomida Budapesht va Buxoro shaharlari o‘rtasida madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, turizm sohasida hamkorlik qilish va o‘zaro tajriba almashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Mehmonlar safari madaniy tanishuv vazifasini ham o‘tadi. Delegatsiya tarkibidagi “Erdafu” ansambli buxorolik san’at shinavandalari oldida chiqish qildi. Buxoro maqomi durdonalari, folklor-etnografik qo‘shiqlar vengriyaliklarda katta taassurot qoldirdi.

 

Erkin Yodgorov, O‘zA