Livan poytaxti Bayrut shahrida taekvondo WT bo‘yicha kadetlar o‘rtasida davom etayotgan Osiyo chempionatining ikkinchi kun bahslari yakunlandi.
Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Feruzbek Baratov -172 sm yo‘nalishida dastlab qirg‘izistonlik Vladimir Lini, chorak finalda esa Xitoy Taypeyi vakili Cheng Han Jangni 2:0 hisobida mag‘lub etdi.
Yarim finalda esa Feruzbek koreyalik Kim Si Honi dog‘da qoldirdi. Hal qiluvchi bahsda esa vakilimizga qozog‘istonlik Pavel Em raqiblik qildi. Quvonarlisi, Baratov ushbu bahsda ham ishonchli harakat qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va Osiyo chempioniga aylandi.
Rushana Ravshanova (-168 sm) ham delegatsiyamiz hisobiga yana bir oltin medalni keltirdi. U hal qiluvchi final bahsida Eron vakili Pinar Lotfizadeni 2:0 hisobida dog‘da qoldirdi.
Qizlar o‘rtasida bahslar (-164 sm)da ishtirok etgan Rabboniya Ruslanova esa finalga qadar barcha raqiblarini yengib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Ayni damda terma jamoamizning ushbu musobaqadagi medallari soni 4 tani tashkil etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA