“Milliy bank" va “Sberbank” hamkorlikning yangi bosqichida

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Qozog‘istondagi “Sberbank” aksiyadorlik jamiyati sho‘ba banki hamkorligida bank faoliyatining ilg‘or xalqaro tajribasini o‘rganish hamda bank xizmatlari va mahsulotlarining yangi turlarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiboshqaruvi raisi A.Mirsoatov, “Sberbank” aksiyadorlik jamiyati sho‘ba banki boshqaruvi raisi A.Kamalov va boshqalar O‘zbekiston va Qozog‘istonda amalga oshirilayotgan islohotlar barcha yo‘nalishlar qatorida bank faoliyati tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilayotganini alohida qayd etdi.

– Mijozlarga zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatish, sohaga yangiliklar olib kirish maqsadida “Sberbank” aksiyadorlik jamiyati sho‘ba bankining tajribasi bilan yaqindan tanishishga muvaffaq bo‘ldik. Masalan, “Sberbank” chakana biznes borasida yaxshi natijalarga erishmoqda. Mazkur bankning aynan shu yo‘nalishdagi yutuqlari biz uchun juda muhimdir, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki chakana operatsiyalar departamenti direktori M.Nabiyev.

3.jpg

5.jpg
– “Sberbank” aksiyadorlik jamiyati sho‘ba banki Qozog‘istonning moliya bozorida 11 yildan buyon muvaffaqiyali faoliyat olib bormoqda, – dedi mazkur bankning chakana bankingni rivojlantirish bo‘yicha boshqaruvchi direktori J.Izimova. – U Qozog‘iston tijorat banklari ichida aktivlari hajmi bo‘yicha 4-o‘rinni egallaydi. Yurtingizda bank tizimini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Sohadagi izlanishlar, albatta, yaxshi natija beradi. Bugungi ikki bank o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv nafaqat mijozlar ishonchini oqlashda, balki xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashda katta ahamiyatga ega.

 

Nasiba Ziyodullayeva, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA