Ijtimoiy tarmoqlarda “Paxta terimi uchun yangi to‘lov narxlari e’lon qilindi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Bunga Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.
Vazirlik sohada olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, muammolarni o‘rganish va bartaraf etish yuzasidan ochiq muloqotga har doim tayyorligini, lekin shunday bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi ma’lumotlar oxirigacha o‘rganib chiqilmasdan, bir yoqlama yondashuv asosida keng ommaga taqdim etish holatlari uchrayotganini qayd etgan.
“Qishloq xo‘jaligi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarni atroflicha va xolis o‘rganib chiqqan holda, quyidagilarni ma’lum qiladi: paxta terimi uchun to‘lov narxlari har yili mavsum boshlanishidan avval, muayyan bir muddatda belgilanadi va bozor tamoyillari e’tiborga olingan holda hukumat tomonidan tasdiqlanadi. Terimning har bir turi uchun alohida summa belgilanadi, so‘ng barcha OAV orqali e’lon qilinadi.
Ayni kunlarda paxta terimiga narx belgilash bo‘yicha ishlar vazirliklar bilan kelishuv jarayonida. Bunda uning birinchi va ikkinchi terimi uchun (navlarini hisobga olib) qancha narx belgilanishi aniq ko‘rsatiladi. Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, hozirgi tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi” deyiladi vazirlik munosabatida.
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlarni tarqatilayotgan axborotning ishonchliligini tekshirish va xolis axborot taqdim etish lozimligiga yana bir bor chaqirib qolgan.
O‘zA