Boshqirdiston Respublikasi poytaxti Ufa shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha 2006-2007 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari umumiy hisobda 18 ta medallar shodasini qo‘lga kiritdi.

Murosasiz bellashuvlarda ishtirok etgan 34 nafar belbog‘li kurashchilarimiz 5 ta oltin, 7 ta kumush va 6 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ushbu natija terma jamoamiz a’zolariga 15 ta davlat sportchilari orasida  umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o‘rinni band etish imkonini berdi.

Ufa gilamlarida kechgan bahslarda terma jamoamiz a’zolaridan Humoyunmirzo Biloliddinov, Shuhratbek Qirg‘izboyev, Abbos Ahmadjonov, Naimaxon Subhonaliyeva, Shodiyona Umrzoqova oltin, Asilbek Tojiboyev, Dostonbek Ismatilloyev, Jasmina Mamurjonova, Gulsanam Abdukarimova, Arofat Muhammadova, Feruza Yusufjonova, Nilufar Isaqova kumush, Samandar Burxonov, Ozodbek Abdusattorov, Abdukarim Toshpo‘latov, Feruza Sobirova, Oydina Ergasheva, Xurshidaxon Oslonboyeva bronza medallariga musharraf bo‘ldi.

Mazkur jahon chempionatining yana bir o‘ziga xos jihati, musobaqalar davomida hamyurtlarimiz — Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi rahbari Azizbek G‘aniyev  O‘zbekiston va Boshqirdiston o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni, xususan, belbog‘li kurashni keng rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Boshqirdiston Respublikasining “Xalqlar do‘stligi” (“Xalыtar duslыgы”) ordeni bilan, Osiyo belbog‘li kurash konfederatsiyasi raisi Mo‘min Muratov hamda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov “Sportni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.

Ushbu nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etgan sport delegatsiyamiz kecha Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida keng jamoatchilik vakillari, ota-onalar, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi mutasaddilari ishtirokida tantanali kutib olindi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA