Osiyo chempionlar ligasi so‘nggi saralash bosqichi doirasida Namanganning “Navbahor” va Olmaliqning “OKMK” klublari g‘alaba qozonib, guruh bosqichiga yo‘l oldi.
Qatarning Doha shahridagi “Al Tumama” stadionida o‘tgan “Al-Arabi” va OKMK jamoalari bahsi 0:1 hisobida yakunlandi. Ushbu uchrashuvda “OKMK” jamoasi a’zosi Ruben Sanches yagona gol muallifi bo‘ldi va muhim g‘alabani ta’minladi.
Shuningdek “Navbahor” Qatarda “Al Vakra” jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazdi. “Al Janub” stadionida o‘tgan o‘yinda “Navbahor” jamoasi 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Keskin va shiddatli o‘tgan o‘yinning 98 – daqiqasida Doniyor Abdumannopov raqib darvozasini aniq nishonga oldi.
Shuni ta’kidlash lozimki O‘zbekiston futbol klublari 2016 yildan buyon Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichda 4 jamoa bilan ishtirok eta olmayotgan edi. Bu yilgi guruh bahslarida “Navbahor”, “OKMK” “Paxtakor” va “Nasaf” klublari qatnashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA