Turkiya Respublikasi PrezidentiRejep Tayyip Erdo‘g‘onning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda turkiyalik ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Bu nufuzli tadbirda qatnashgan, bugungi kunda dunyoning 25 dan ziyod mamlakatida shuba va vakolatxonalariga ega, 50 dan ziyod mamlakatga jahon standartlariga to‘la mos keladigan yuqori sifatli farmatsevtika mahsulotlarini taqdim etayotgan “Ulkar Holding” kompaniyasi boshqaruvi hay’ati raisi Hasan ULUSOY O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston – Turkiya munosabatlarining yangi davri, mamlakatimizdagi faoliyati haqida so‘zlab berdi.

HASAN_ULUSOY_NOBEL1.jpg

– O‘zbekiston va Turkiyani uzoq masofa ajratib tursa-da, tarixiy ildizi tutash, qadriyat va madaniyati o‘xshash ikki xalq qardoshligi juda yaqindir. Shu bois, xalqlarimizning bir-biriga muhabbati cheksiz, doimo mehr-oqibatli bo‘lib kelgan. Ikki davlat rahbarlarining bevosita sa’y-harakati bilan bu qutlug‘ an’ana keyingi yillarda yanada mustahkamlanib bormoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelgani ham tarixiy ahil munosabatlarimiz rivojiga xizmat qiladi, – deydi Hasan Ulusoy. – Alohida ta’kidlashni istardimki, biz ota yurtimizda faoliyat qamrovimizni kengaytirganimizdan mamnunmiz. O‘zbekistondagi “Nobel Pharmsanoat” kompaniyasiga 2002-yilda asos solingan. Mazkur kompaniya Turkiyada 1954-yilda faoliyat boshlagan “Ulkar Holding” – “Nobel Ilac” kompaniyalarining yirik tarmog‘i hisoblanadi. “Nobel Pharmsanoat” 100 foiz o‘z sarmoyamiz hisobidan ish boshlagan O‘zbekistondagi dastlabki yirik farmatsevtika sohasidagi kompaniyadir.

Bugungi kunda“Nobel Pharmsanoat”da xalqaro standartlarga to‘la mos keladigan 100 dan ziyod ko‘rinishda 60 turdagi dori-darmon mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mazkur dori vositalarining 5 turi mahalliy xom ashyodan tayyorlanmoqda.

Mahsulotimiz sifati va uning ta’sir mexanizmiga alohida e’tibor qaratamiz. Shu maqsadda yuqori malakali xodimlarimiz O‘zbekistonning barcha hududlarida shifokorlar va farmatsevtlar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazib, mahsulotlarimizdan to‘g‘ri va maqsadli foydalanish borasida maslahat berib keladi.

Investitsiyalarimiz miqdori 40 million AQSH dollariga yetgan, “Nobel Pharmsanoat” kompaniyasi mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatini yanada kuchaytiradigan yangi fabrika ish boshlash arafasida. Investitsiyalarimizning O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturidan o‘rin olgan qismi 13,5 million dollardir. O‘zbekiston hukumati a’zolarining 2017-yil mart oyida Turkiyaga bo‘lgan tashrifi chog‘ida esa yana 3 million dollarlik yangi investitsiya shartnomasi imzolandi.

Yangi fabrikamiz qurilish-montaj ishlari 2013-yilning 16-noyabrida boshlanib, 2017-yilning avgust oyida tugallandi. Bu yerda 60 dan ortiq faol moddadan iborat dori-darmonlar uchun ishlab chiqarish liniyalari, fizik va kimyoviy, mikrobiologiya laboratoriyalari, xom ashyo, qadoqlash va tayyor mahsulot omborlari mavjud. Ishlab chiqarish mexanizmi Yevropa CMP standartlariga to‘la mos keladi. Yaqin kunlarda mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Ishlab chiqarishgaItaliya, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindistondan zamonaviy texnologiyalar jalb etilgan. Bir smenada yiliga 10 million quti dori ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu fabrikada tabletka, qoplamali tabletka, kapsula, eritma kukuni, tomchi sprey va burun uchun nazal sprey kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shu bilan birga fabrikada xodimlar uchun barcha qulaylikka ega zamonaviy ofis ishga tushadi.

O‘zbekistondagi “Nobel Pharmsanoat” kompaniyasi “Made in Uzbekistan” brendi ostida o‘z mahsulotlarini Afg‘oniston, Gruziya kabi davlatlarga eksport qilmoqda. Yana 3 turdagi mahsulotimiz Turkiyada ro‘yxatdan o‘tkazilib, aprel oyida ularning dastlabki qismi eksportga yo‘naltirildi. Hozir Germaniya va Moldovaga eksport uchun tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Buyuk ipak yo‘lining savdo chorrahasida joylashgan ota yurtimiz – O‘zbekistonda investitsiyalarimiz hajmini yanada ko‘paytirish tarafdorimiz. Fikrimiz dalili sifatida aytishim kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi doirasida qo‘llab-quvvatlanayotgan loyihalarimizni amalga oshirish bilan dori-darmon vositalari ishlab chiqarish hajmini yiliga 50 million qutiga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buning uchun O‘zbekistonda barcha imkoniyat mavjud.

O‘zA muxbiri
Ulug‘bek Asrorov
yozib oldi.