Prezidentimiz Is’hoqxon To‘ra Ibrat majmuasiga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Is’hoqxon To‘ra Ibrat memorial majmuasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlaribilan tanishdi.
Mamlakatimiz dunyo tamadduni va ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar yurti sifatida shuhrat qozongan. Ajdodlarimiz bebaho merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, qadamjolarini obod maskanga aylantirish doimiy e’tiborda.
Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 2 noyabr kuni Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda buyuk taraqqiyparvar va ma’rifatparvar Is’hoqxon Ibratningxalqimiz ma’naviy-ma’rifiy yuksalishi yo‘lidagi beqiyos xizmatlariga ehtirom ramzi sifatida uning nomini abadiylashtirish, u kishiga atab zamonaviy bog‘ yaratish, yodgorlik majmuasi va “Ibrat maktabi”ni tashkil qilish tashabbusini ilgari surgan edi.
c9283a1c-1d28-0b04-2212-2b0bcc404673.jpg
Qayd etish joizki, XIX asrda To‘raqo‘rg‘on zaminida tug‘ilib o‘sgan Ibrat domla arab, fors, rus, hind, urdu, ingliz, fransuz tillarini yaxshi bilgan. Eng qadimiy finikiya, yahudiy, suriya, yunon yozuvlarini o‘rgangan. Serqirra ijodkor sifatida “Lug‘ati sitta al-sina” (“Olti tilli lug‘at”), “Jome’ ul-xutut” (“Xatlar majmui”), “Tarixi Farg‘ona”, “Tarixi madaniyat” , “Mezon uz-zamon” (Zamon tarozusi), “San’ati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy” kabi o‘ndan ortiq tilshunoslikka oid, ilmiy-tarixiy hamda ma’rifiy asarlar yaratgan.Ibrat domla 1886 yildayoq eski maktablarga nisbatan birmuncha ilg‘or bo‘lgan maktab ochgan. 1907 yilda esayangi “usuli savtiya” maktabini tashkil etib,o‘nlab nafar qishloq bolalarini o‘qitgan.
Ibrat domla o‘lkamizdagi ilk matbaachilardan biri sifatida, 1908 yil Orenburg shahridan litografik mashina sotib olib, uni Orenburgdan Qo‘qongacha poyezdda, Qo‘qondan To‘raqo‘rg‘onga tuyalarga ortib, katta mashaqqatlar bilan olib kelgan va o‘z hovlisida “Is’hoqiya bosmaxonasi”ni tashkil qilgan. Bu bosmaxona o‘tgan asrning 60-yillarigacha faoliyat ko‘rsatib kelgan va u yerda o‘tgan davr mobaynida bir qator ilmiy-ma’rifiy kitob va risolalar, milliy gazetalar chop etilgan, ularni tarqatish uchun Farg‘ona vodiysi bo‘ylab o‘nlab kitob do‘konlari tashkil etilgan.
8a0aeb09-57f7-3325-0d5a-761037f54f74.jpg
Davlatimiz rahbari o‘tgan yil iyul oyida Namangan viloyatiga tashrifi doirasida ushbu kompleksda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishgan, uni mazmun jihatidan takomillashtirish, til o‘rgatish bo‘yicha maxsus maktabni Namangan davlat universiteti qoshida tashkil etish, bu yerda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik bilan hamkorlikda xorijiy tillarni ixtisoslashtirilgan tarzda o‘rgatish zarurligini ta’kidlagan edi. O‘qituvchi va o‘quvchilarga zarur sharoitlar yaratish, majmua atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.
O‘tgan davr mobaynida ikki gektardan ziyod maydonni tashkil etgan Is’hoqxon To‘ra Ibrat memorial majmuasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Loyiha qiymati 13 milliard so‘mdan ziyod majmua bog‘-xiyobon, uning o‘rtasida Is’hoqxon to‘ra Ibratning haykali, milliy me’morchilik uslubidagi ayvon, bosmaxona, ilg‘or texnologiyalar asosida qurilgan musiqali favvora, chet tillarga ixtisoslashtirilgan 400 o‘rinli maktab-internat va tarixiy me’morchilik obidasida barpo etilgan muzeyni o‘z ichiga oladi.
760baa8a-71e1-f32d-c9ff-5518450beb87.jpg
Ushbu majmua, Namangan viloyati aholisi, ayniqsa,yoshlar uchun munosib sovg‘a bo‘ldi. Bog‘ odamlarning mazmunli hordiq chiqarishiga qulaylik yaratish bilan ma’naviy olamini ham boyitadi. Bu yerdagi muzeyda Is’hoqxon Ibratning hayoti, serqirra faoliyati haqida keng ma’lumotga ega bo‘lish mumkin. “Ibrat maktabi”da yoshlar xorijiy tillarni o‘rganadi. Bularning barchasi yaxlit kompleks sifatida allomaning xalqimiz uchun qilgan buyuk xizmatlarini qadrlash, merosini o‘qib-o‘rganish va targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutadi.
Shavkat Mirziyoyev Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internatni kirib ko‘rdi, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan muloqot qildi.
be2c8d6b-6fc2-16d0-e564-f92cb88df3d9.jpg
Maktabda umumta’lim fanlari va ingliz, nemis, fransuz, rus, arab, xitoy, koreys tillari filologiyasi chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Dars jarayoniga chet ellik ko‘ngillilar ham jalb etiladi.
Davlatimiz rahbarima’rifatparvar alloma nomi bilan ataluvchi maktab har tomonlama namunali bo‘lishi, bir nechta xorijiy tillarni bilgan zamonaviy kadrlarni tarbiyalashi zarurligini ta’kidladi.
– Avval ta’kidlaganimdek, Ibrat domlaning Vatan va yurt taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona hayoti nafaqat o‘z davrida, balki bugungi kunda ham barchamiz uchun haqiqiy ibrat namunasi bo‘lib qolmoqda,– dedi davlatimiz rahbari. – Yoshlarimiz shunga munosib, yurt koriga yaraydiganinsonlar bo‘lib voyaga yetishlari kerak. Bu maktabga nafaqat Namangan viloyati, balki mamlakatimizning barcha hududlaridan eng iqtidorli yoshlar o‘qishga qabul qilinadi.
d41865b5-4c8f-5954-1392-3d1b1eeaaf32.jpg
Bilim dargohini a’lo baholar bilan tamomlagan o‘quvchilar yurtimizdagioliy o‘quv yurtlariga imtiyozli tarzda qabul qilinadi.
– Bilimli, bir necha tillarni puxta o‘zlashtirgan yoshlar hech qachon kam bo‘lmaydi, ularni doimo qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, – dediShavkat Mirziyoyev.
Xorijiy tillar bo‘yicha ilmiy ishlar qilish, til o‘rgatish metodologiyasini takomillashtirish, maktab-internatda darslarni shu asosda olib borish kerakligi qayd etildi.
Prezidentimiz Ibrat maktabini a’lo baholarga bitirgan o‘g‘il-qizlarni oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilish va grant asosida o‘qitish bo‘yicha topshiriq berdi.
Shavkat Mirziyoyev majmuaga uyg‘un tarzda Kosonsoy soyining ikki qirg‘og‘ida bunyod etilgan xiyobonni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda qurilayotgan uy-joylar, savdo shoxobchalari, ko‘ngil ochar maskanlar, aholi sayr qiladigan yo‘laklar va boshqa infratuzilma obyektlari qurilishini yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Davlatimiz rahbari Is’hoqxon Ibrat muzeyi bilan tanishdi. Prezidentimiz majmua hududida viloyat ziyolilari, nuroniylar bilan muloqot qildi. Ular Prezidentimiz tashrifidan xursandligini, buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlari uchun minnatdorlik izhor etdi.

 

Ziyodulla Jonibekov, Akramjon Sattorov, O‘zA