Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 10 avgust kuni iqtisodiyot rivoji, mahallalar hayoti, sanoat korxonalari va yangi ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishish maqsadida Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifini Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi. Qur’on oyatlari tilovat qilindi. Alloh taolodan o‘tganlarga rahmat, yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duo o‘qildi.
Diniy ulamo bilan suhbatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, islom ma’rifati haqida so‘z bordi. Yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash, bandligiga ko‘maklashish, muhtoj oilalarni alohida mehr-e’tiborga olish muhimligi ta’kidlandi. Shu yerda majmua atrofida rejalashtirilayotgan qurilish-ta’mirlash loyihasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, Bahouddin Naqshband maqbarasiga Toqimiyona darvozasidan boruvchi tarixiy yo‘lakni tiklash, Doniyolbiy madrasasini ta’mirlash, tahoratxona va muzey barpo etish mo‘ljallanmoqda.
Davlatimiz rahbari ziyorat turizmi uchun sharoitlarni kengaytirish, xorijdan Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlar va mehmonxona tashkil etish, qabristonni obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati Kogon tumanidagi “Siyovush tekstil” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu joy ilgari unumsiz, bo‘sh turgan maydon edi. Tadbirkorlarga sharoit yaratish maqsadida hudud “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasiga kiritilgan. Zarur infratuzilma barpo etilgach bu yerda sanoat rivojlandi. Xususan, “Siyovush tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 36 million dollarlik loyihasi o‘tgan oyda ishga tushdi. Unda yiliga 40 ming tonna akril ip-kalava yigirish quvvati hamda 600 ish o‘rni yaratildi.
– Bu Yangi O‘zbekistondagi yangi yo‘nalish, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Yurtimizda to‘qimachilik sanoati rivojlanyapti. Agar korxonalar qo‘shilgan qiymat yaratib, daromadini oshiraman desa qisman akril ishlatishiga to‘g‘ri keladi. Undan tayyorlangan mahsulot qiymati 5 barobar oshadi. Bu – manfaatdorlik, barqarorlik, odamlarga ish o‘rni, degani. Shuning uchun davlat paxtani qayta ishlashga qancha ko‘makdosh bo‘lgan bo‘lsa, endi sun’iy tola ishlab chiqarishga ham shunday yordam beradi.
Korxonada loyihaning birinchi bosqichi ish boshlagan. Ayni paytda xorijlik hamkorlar bilan korxona faoliyatini kengaytirish ustida ish olib borilmoqda. Rejaga ko‘ra, keyingi bosqichda akril tola hamda undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish to‘liq mahalliylashtiriladi. Jami ish o‘rni soni 1 ming 200 taga yetadi.
Prezidentimiz “Buxoro Agroklaster” tizimidagi bir qator korxonalar faoliyati bilan ham tanishdi.
Xususan, Buxoro shahridagi “Buxoro Agroklaster DZZ” korxonasida sutni qayta ishlash va qadoqlash yo‘lga qo‘yilgan. 6,2 million dollar investitsiya evaziga qarovsiz maydonda barpo etilgan majmuaga Italiya va Rossiyadan uskunalar keltirib o‘rnatilgan. 2021 yilda ochilgan korxonada bugungi kunda yiliga 22 ming tonna sut qayta ishlanmoqda. Undan tayyorlanayotgan kefir, sut, pishloq, yogurt, qaymoq, smetana kabi mahsulotlarning turi qirqdan ortiq. Korxonada 150 nafar aholi doimiy ish bilan ta’minlangan. Prezidentimiz bu yerdagi ish jarayoni va mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.
Ish ko‘lami va daromadning ortishi klaster faoliyatining kengayishiga xizmat qiladi. Majmua hududida yangi inshootlar qurildi. Xususan, korxona tizimida yer maydonlari unumdorligini aniqlab beruvchi zamonaviy laboratoriya ishga tushirildi. U Germaniyaning zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlangan. Bu yerda tuproq tarkibidagi qirqdan ortiq suv tarkibidagi o‘nga yaqin ko‘rsatkichlarni aniqlash imkoniyati mavjud. Buxoro viloyati ekin maydonlarining sho‘rlanganlik darajasi boshqa hududlarga nisbatan yuqori. Hosildorlikka erishish uchun tuproq tahlili nihoyatda zarur. Bu laboratoriyada tuproqning kimyoviy tarkibi o‘rganilib, shu orqali o‘simliklarning mineral va organik o‘g‘itlarga bo‘lgan talabi aniqlanadi. Tuproq xossalari, sho‘rlanish darajasi ham o‘rganiladi. Uning natijalari asosida yerni me’yorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘riladi.
Bu yerda shakllantirilgan ma’lumotlar korxonaning yana bir loyihasi – “Agro Smart Map Uz” platformasiga yuklab boriladi. Shu ma’lumotlar asosida yer egalari kerakli agrotexnologik tavsiyalar oladi. Davlatimiz rahbari laboratoriyadagi sharoitlar bilan tanishdi. Prezidentimizga “Buxoro Agroklaster”ning boshqa loyihalari haqida ham axborot berildi.
Davlatimiz rahbari Buxoro viloyati Romitan tumani Qahramon mahallasi aholisining turmush tarzi bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda 3 ming 900 nafarga yaqin aholi yashaydi. Mahallaning drayveri hunarmandlik va issiqxona xo‘jaligi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 200 gektar maydondagi issiqxonalarda bozorbop sabzavotlar yetishtirib sotiladi. Shuningdek, mebelsozlik, tikuvchilik, zardo‘zlik yaxshi rivojlangan.
Prezidentimiz shu yerlik Xalil Qobilov va Gulbahor To‘xtayevalar xonadonida bo‘ldi. Qo‘ni-qo‘shnilar, oqsoqollar yig‘ilib, samimiy davra qurildi.
Mahalla raisi hududdagi o‘zgarishlar, odamlar hayoti haqida so‘zlab berdi.
Mahallada o‘ndan ortiq savdo do‘koni, tikuvchilik ustaxonalari, mehmonxona va restoranlar bor. Ularda mahalliy yoshlar ishlab, daromad topmoqda. Umuman aytganda, mahallada ishsiz odam yo‘q, o‘tgan davrda bironta jinoyat sodir etilmagan. “Obod mahalla” dasturi asosida infratuzilma yaxshilangan. Xususan, ichki yo‘llar asfaltlanib, piyodalar yo‘laklari qurilgan. Transformator o‘rnatilib, elektr tarmoqlari yangilangan.
– Odamlarga nima kuch beradi? Islohotlar natijasini o‘z hayotida ko‘rish. Bugun odamlarimiz shunday ruh bilan ertangi kunga intilyapti. Harakat qilgan oilaning biri ikki bo‘lyapti. Xalqimiz bizga katta ishonch bildirdi. Yangicha o‘zgarishlar, yangi tashabbuslarni kutyapti. Bu juda yuksak mas’uliyat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda nuroniylar yoshlar tarbiyasi, tuman rivoji bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev Romitan tumanidagi “WBM Romitex” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu korxona miqyosi va salohiyati jihatidan ulkan imkoniyatlarga ega. Loyiha qiymati 93 million dollardan ziyod. Uning jami hududi 20, ishlab chiqarish maydoni 7 gektarni tashkil etadi. Korxonaga Turkiya va Germaniyadan ilg‘or uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Shu tariqa yiliga 25 ming tonna ip-kalava tayyorlash quvvati va 1000 ish o‘rni yaratilgan.
– Romitan sharoitida bunday korxonaning bo‘lishi quvonarli. Bunga davlat infratuzilma, mablag‘, imkoniyat jihatidan ko‘maklashdi. Eng katta natija – ming nafar xotin-qizlar ishli bo‘lgani, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 10 yanvardagi “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bunday korxonalarga katta madad bo‘ldi. Jumladan, ularga revolver kreditlash asosida aylanma mablag‘ ajratilgani ishlab chiqarish barqarorligini ta’minladi. Loyihaning ikkinchi bosqichida tayyor mato ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Muhimi, bu tufayli uch mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
Davlatimiz rahbari mahsulotlar turi va sifatini oshirib, eksportni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shundan so‘ng Romitan tumanida Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab Buxoro viloyatidagi yangi sanoat, xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy soha majmualarini ishga tushirish marosimi o‘tkazildi. Bular – Vobkent tumanidagi “Vobkent tola klaster”, Qorako‘l tumanidagi “Qorako‘l kumush kalava”, Qorovulbozor tumanidagi “Buxoro real moto”, Buxoro shahridagi “Ekvatorial chodak”, Kogon shahridagi “Konchi” va “Prom tekstil”, G‘ijduvon va Peshku tumanlaridagi yog‘-moy korxonalari, Buxoro shahridagi mehmonxona va Buxoro tumanidagi tibbiyot birlashmasidir.
Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, ushbu majmualarni ishga tushirdi. Shundan so‘ng Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish choralari, bu borada yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar muhokama qilindi. Avvalo, iqtisodiy ko‘rsatkichlar qayd etilib, qo‘shimcha imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.
Joriy yilning olti oyida Buxoroda sanoat 5,3 foizga o‘sgan. Jami eksport 124 million dollarni tashkil etgan. Shu davrda 250 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilingan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravarga oshgan. Lekin ayrim shahar va tumanlarda bu ko‘rsatkichlar tushgan.
Yil yakuniga qadar 858 loyiha ishga tushirilib, 15 mingta ish o‘rni yaratilishi aytib o‘tildi. Shuningdek, 250 ming aholi bandligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Sanoatda importni 150 million dollarga qisqartirib, eksportni 400 million dollarga yetkazish vazifasi belgilandi. Viloyatning turizm salohiyatini to‘liq ishga solib, 25 ming aholining bandligi va 300 million dollar eksport tushumini ta’minlash mumkinligi qayd etildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining hisoboti eshitildi.
Davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Zarif KOMILOV,
O‘zA muxbirlari