Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan Polshaning Velikopolsk voyevodasida joylashgan Konin shahrida “O‘zbekiston kunlari” tashkil etildi.
Tadbir Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining uch asosiy yo‘nalishi – mamlakatdagi siyosiy o‘zgarishlar, iqtisodiy sohadagi islohotlar va turizm sohasini rivojlantirishga bag‘ishlandi.
Polshaning 16 mintaqasidan biri, mamlakat markaziy qismida joylashgan Velikopolsk voyevodasi 31 shahar va 226 kommunadan iborat. Hududi jihatidan mamlakatda ikkinchi, aholi soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi. 3,5 million kishi istiqomat qiladigan muzofotning 2022 yildagi yalpi ichki mahsuloti 57,7 milliard dollarni tashkil etgan. Bu Polsha YAIMning 9,5 foizi. Voyevodada mashinasozlik, konchilik, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlar ravnaq topgan.
O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Boboyev uchrashuv qatnashchilariga yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli siyosiy va iqtisodiy islohotlar, jumladan, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, davlat va jamiyat qurilishini rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, inson huquqi va gender tenglikni ta’minlash, tadbirkorlik uchun shart-sharoit yaratish, xorijiy investorlarning mahalliy bozorga kirishiga to‘sqinlik qilayotgan eski to‘siqlarni olib tashlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Konstitutsiya islohoti Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari dasturida eng muhim qadam bo‘lgani – Asosiy qonun normalarining 60 foizdan ortig‘i yangilangani, davlatning ijtimoiy funksiyasi mustahkamlangani, O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat sifatida e’lon qilingani alohida urg‘ulandi.
Voyevoda meri Marek Voznyak ham so‘nggi yillar mamlakatimizda ro‘y bergan muhim o‘zgarishlarga yuqori baho berdi, jahon miqyosida, jumladan, Polshada ham global va xalqaro muammolarni hal etish bo‘yicha ishonchli hamkor, tashabbuskor sifatida O‘zbekistonning nufuzi izchil yuksalib borayotganini ta’kidladi.
“O‘zbekiston kunlari” doirasida tashkil etilgan Velikopolsk mintaqasi ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvda ishtirokchilarga tub, tizimli va izchil islohotlar davrini boshidan kechirayotgan respublikamiz iqtisodiyoti, davlat institutlari tizimidagi o‘zgarishlar haqidagi ma’lumotlar taqdim etildi.
Har ikki tomon ishbilarmon doira vakillari qurilish materiallari va quyosh panellari ishlab chiqarish, yo‘l qurilishi, qishloq xo‘jaligida yangi texnologiyalar transferi, parranda go‘shtini sanoat usulida ishlab chiqarish, mevali ekin va rezavor meva yetishtirish kabi qator yo‘nalishlarda hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirdi.
Mezbonlar joriy yil kuzda Toshkentda “O‘zbekiston – Polsha” hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan biznes forumiga taklif qilindi.
Voyevodaning asosiy sayyohlik idorasida diyorimiz turizm salohiyati taqdim etildi. Mamlakatimizda sayyohlikka milliy iqtisodiyotning strategik tarmog‘i maqomi berilgani qayd etildi.
Tadbirda davlatimiz rahbarining sayyohlik sohasini rivojlantirish, soha infratuzilmasi va me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish borasidagi yangi tashabbuslari haqida ma’lumot berildi. Sayyohlik tizimi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani, globallashuv sharoitida turizm salohiyatidan samarali foydalanish, sohani boshqarish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
O‘zA