Yaqinda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati xizmat safari bilan Ozarbayjon Respublikasida bo‘ldi.
Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tashrif chog‘ida delegatsiya “AzerEnergy” OAJning elektr stansiyalari, podstansiyalari, laboratoriya, o‘quv markazi va raqamli boshqaruv markazida bo‘lib, qator uchrashuvlarda ishtirok etdi.
Unda tomonlar ikki mamlakat energetika tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari xususida so‘z yuritdi.
Shuningdek, mezbon tomoni O‘zbekiston delegatsiyasiga elektr stansiyalari, podstansiyalar, raqamli boshqaruv tizimi va “AzerEnergy” OAJning yangi SCADA tizimi, ushbu tizimlarni qo‘llash uchun zarur bo‘lgan muhim omillar, dasturiy ta’minot, avtomatlashtirish va boshqa sohalar haqida batafsil ma’lumotlar berdi.
Tashrif yakunida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “AzerEnergy” OAJ o‘rtasida memorandum imzolandi.
Unga asosan Ozarbayjon energetika tizimi tajribasidan foydalaniladi va ikki davlat o‘rtasida energetika sohasida hamkorlik kengaytiriladi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi.
O‘zA