Prokuratura organlari tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Tadbirkorlarning faoliyatiga asossiz aralashish, noqonuniy tekshirish o‘tkazish hamda murojaatlarini ko‘rib chiqishdagi qonunbuzilishi holatlarining oldini olish borasida nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, joriy yil birinchi yarmida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida tadbirkorlar manfaatiga zid ish tutgan 1 ming 984 nafar mansabdor shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi. 927 noqonuniy hujjatga protest keltirildi. 19 ming 316 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi.

Prokurorlar tomonidan 17 mingdan ortiq tadbirkorga kredit va litsenziya hujjatlarini rasmiylashtirishda, yer maydoni va bino ajratilishida, muhandislik tarmoqlariga ulanishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Hamkorlikda ko‘rilgan choralar natijasida 4 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi, 3 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati tiklandi.

O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan sud qarorlariga asosan qonunga zid ravishda soliq undirish holatlari kuzatilmoqda. Prokuratura organlari bunday holatlarga ham chek qo‘ymoqda.

Shunday holatlardan biri “E.B.R.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Xususan, mazkur jamiyat fuqarolik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, unda restoran binosi bo‘yicha tuzilgan 30.12.2019 yildagi hamda 06.11.2020 yildagi oldi-sotdi shartnomalarini haqiqiy emas, deb topishni so‘ragan.

“X.S. va I.Ch.” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari S.M. va fuqaro A.M. esa restoran binosini ta’mirlash uchun sarflangan xarajatlarni undirish  haqida sudga  qarshi  da’vo ariza taqdim etgan.

Birinchi instansiya sudi restoran binosining oldi-sotdi shartnomalarini haqiqiy emas, deb topish bilan birgalikda qarshi da’vogarlarning foydasiga binoni ta’mirlash uchun sarflangan 245,7 million so‘m undirish haqida xulosaga kelgan.

Apellyatsiya instansiyasi sudi restoran binosini ta’mirlashga sarflangan xarajatlarni (ekspertiza xulosasiga asoslangan holda) 270,3 million so‘m deb belgilagan.

Kassatsiya instansiyasi apellyatsiya instansiyasining xulosasi bilan qisman kelishib, ta’mirlashga sarflangan 270,3 million so‘m xarajatlarga uning 15 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘ini, ya’ni 40,5 million so‘mni qo‘shib hisoblab, jami 310,8 million so‘m undirish haqida to‘xtamga kelgan.

Ushbu holat bo‘yicha “E.B.R” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari F.Q.ning murojaati Bosh prokuratura tomonidan o‘rganildi. Ishni kassatsiya tartibida takroran ko‘rish haqidagi o‘z vaqtida keltirilgan protest asosida ish Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rib chiqildi. Sud qarorlari bekor qilindi va jamiyatning huquqlari buzilishining oldi olindi.

Xulosa shuki, jamiyat manfaatiga zid ravishda soliq hisoblangan hamda undirilishi belgilangan sud qarori o‘z vaqtida bekor qilindi va adolat qaror topdi.

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA