Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi boshlig‘i: Xavfsizlikka tahdidlarning oldini olish uchun imkoniyatlar yetarli

Interpol (Jinoyat qidiruv politsiyasi xalqaro tashkiloti)ga bugungi kunda 192 davlat a’zo bo‘lib, ko‘lami kengligi jihatidan BMTdan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan yirik xalqaro tashkilotdir. O‘zbekiston Interpolga 1994-yilda a’zo bo‘lgan. 

Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda? O‘zA muxbiri bu haqda byuro boshlig‘i Rustam Isroilov bilan suhbatlashdi. 

– Rustam Ilhomovich, Interpolning milliy tuzilmasi tashkil etilgan vaqt bilan hozirgi kun qanchalik farq qiladi? 

– Interpolning asosiy maqsadi umumiy jinoyatchilikka qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish va ana shunday milliy organlar faoliyatini muvofiqlashtirishdir. Mazkur tuzilma faqat siyosiy, harbiy, diniy, irqiy tusdagi faoliyatga daxl qilmaydi.

Salkam chorak asr vaqtda juda ko‘p narsalar o‘zgardi. Jinoyatchilik turlari ko‘payishi va ko‘lami kengayishi bilan bir qatorda migratsiya oqimi misli ko‘rilmagan darajada kuchaydi.

To‘g‘ri, oldin ham murakkab vaziyatlar bo‘lgan. Masalan, 1999-yilda Toshkentda sodir bo‘lgan portlashlar bevosita xalqaro terrorizm bilan bog‘liq bo‘lgan. Ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni qidirish, ularni topib mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlariga topshirishda xalqaro hamkorlikka asoslangan tuzilmamiz samarali ish olib bordi. Natijada jinoyatni sodir etib Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlariga qochib ketgan shaxslar haqida tezkor ma’lumot almashinuvi, bu borada Interpol bosh qarorgohi (mazkur qarorgoh Lion shahri (Fransiya)da joylashgan) bevosita ko‘magida ular ushlangan va yurtimizga keltirilgan. Xalqimizning tinch hayotiga tajovuz qilgan shaxslar sud hukmi bilan javobgarlikka tortilgan.

Ayni paytda global muammolardan sanalgan odam savdosi jinoyati tez-tez uchrab turibdi. Asosan ayollarni aldab, qullikka, turli tuban ishlarga mahkum etayotgan jinoiy guruhlar ildiziga bolta urish dolzarb bo‘lib turibdi. Bu borada Indoneziya davlatida uzoq vaqt yashab, o‘rnashib, keyin katta jinoiy uyushmaga asos solgan, ayollarni turli yo‘llar bilan olib ketib, fohishalikka majbur etgan samarqandlik shaxs aniqlandi. Uni Interpol imkoniyati bo‘yicha qidirib topib, qo‘lga olish va mamlakatga qaytarish chorasi ko‘rildi.

– Toshkentda odam savdosi bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro tadbirda qanday masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda?

– Interpolning tashabbusi va ko‘magi asosida poytaxtimizda 2018-yil 30-aprel – 4 may kunlari o‘tkazilishi kutilayotgan seminarda dunyoning 14 davlatidan vakillar ishtirok etadi. Shu jumladan, unda O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari mas’ul xodimlari, odam savdosiga qarshi kurashish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlardan xodimlar qatnashadi.

Seminarda odam savdosi jinoyatining bugungi holati, uning turlari, ko‘lami va unga qarshi kurashish bo‘yicha yangi uslublar, imkoniyatlar, barcha-barchasi haqida fikr almashiladi. Bu borada o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilinadi. Bu jinoyatni sodir etib, qochib yurgan shaxslarni qidirib topish, ularni o‘z mamlakatiga qaytarish, sud hukmiga havola etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olinadi.

– Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi va Turkiya Milliy markaziy byurosi hamkorligi mustahkamlanayotgani qanday samara bermoqda? 

– Mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, O‘zbekiston va Turkiya davlatlari o‘zaro munosabatlarida o‘ziga xos yangi bosqich boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga 2017 yil oktabrdagi davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar rivojiga katta turki berdi. Barcha sohalardagi o‘zaro munosabatlar rivojlandi. Prezidentimizning taklifiga binoan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 2018-yil 29-aprel – 1-may kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Mazkur tashrif doirasida boshqa sohalar qatori huquq-tartibotga oid o‘zaro hamkorlikka asoslangan tezkor qidruv va kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish bo‘yicha hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston IIV akademiyasi va Turkiya milliy politsiyasi akdemiyasi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Aytib o‘tish o‘rinliki, o‘zaro hamkorligimizda shu yilning fevral oyida Interpolning Anqaradagi Milliy markaziy byurosi boshlig‘i Lutfi Chichek boshchiligidagi Turkiya delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurgani muhim ahamiyat kasb etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya huquq-tartibot organlarining birgalikdagi harakatini kuchaytirish, hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko‘tarish bo‘yicha muzokara olib borildi.

Jangovar harakatlar davom etayotgan Suriya va Iroq davlatlarida terrrorchilik guruhlari tomonida turib jang qilgan va jang qilib kelayotganlarning shaxsini aniqlash, davlat chegarasini kesib o‘tmaslaridan avval ularga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilib, qo‘lga olish joylardagi huquqni muhofaza qilish organlari va Interpol xodimlari zimmasiga yuklatilgan muhim vazifadir.

Albatta, muvaffaqiyatli maxsus operatsiyalar jarayonida jangarilarning ko‘p qismi yo‘q qilindi, ayrimlari qo‘lga olindi. Biroq hali-hanuz dunyoning turli davlatlarida yashirinib, yangi ekstremistik hujumlarga tayyorlanib, ozodlikda yurganlari ham bor. Shuning uchun ularni izlab topib, qo‘lga olishda bor kuch va imkoniyatni birlashtirish, doimiy ravishda o‘zaro axborot almashish, aksilterror yo‘nalishda hamkorlikdagi tadbirlarni muntazam o‘tkazib borish lozim.

Shu yilning may oyida O‘zbekiston huquq-tartibot organlari vakillarining Turkiyaga tashrifi rejalashtirilgan. Bu tashrif davomida o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar doirasida yangi imkoniyatlarni ishga solish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqiladi.

– Yuqorida migratsiya kuchayganini qayd etib o‘tdingiz. Bu xavfsizlikka tahdid solishi mumkinmi? 

– Darhaqiqat, keyingi yillarda migratsiya oqimi keskin o‘sdi. Bu nafaqat fuqarolarimizning xorijiy davlatlarga chiqishi, balki xorijliklarning yurtimizga kelishida ham namoyon bo‘lmoqda. Keyingi paytda o‘rtacha 5-6 million kishi chegarani kesib o‘tdi.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tmoqchimanki, xalqaro jinoyatchilik va jinoyat sodir etganlarni qidirish bilan bog‘liq faoliyat bir necha barobarga o‘sdi.

Bu xavfsizlikni kuchaytirishni ham taqozo qiladi, albatta. Shu maqsadda Prezidentimiz topshirig‘i asosida mamlakatimizda «Xavfsiz turizm» loyihasi amaliyotga joriy etildi. Bu tizim orqali yurtimizga kelgan sayyohlar va mehmonlarning xavfsizligini ta’minlash, ular uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga oid chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda Rossiya, Koreya, Malayziya, Turkiya kabi hamda qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. O‘zaro tezkor axborot almashinuvi natijasida jinoyatchilikka oid zarur axborotlar ham mavjud. Bu jarayonda Interpolning maxsus axborot almashish tarmog‘idan foydalanilmoqda. Bu uzluksiz ishlaydigan yopiq tarmoq bo‘lib, uning bazasiga chetdan hech kim kira olmaydi.

Bu imkoniyat xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan shaxslarni chegaralar orqali kiritmaslik yoki jinoyat sodir etib qochib yurganlarni ushlashda qo‘l keladi. Umuman aytganda, xavfsizlikka tahdidlar bor, biroq uning oldini olish, unga vaqtida barham berish uchun kuch va imkoniyat yetarli.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA