Ma’luki, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning 2022 yil 21-22 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi Shartnoma (Davlatlararo shartnoma) imzolandi. O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish jarayoni 2004-2022 yillar davomida bajarildi. Davlatlararo shartnomaga ko‘ra, O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasining demarkatsiya chizig‘ining umumiy uzunligi 2356,666 km.ni tashkil etadi. Ushbu Davlatlararo shartnoma O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi Qonuni 18-moddasiga asosan ratifikatsiya qilindi.

Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari To‘lqin Abdullayev O‘zA muxbiriga demarkatsiya jarayonlari, Davlatlararo shartnoma mohiyati xususida quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Mazkur Davlatlararo shartnoma kirish qism, 9 ta modda, yakuniy qism va 6 ta ilovadan iborat. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi Davlat chegarasi chizig‘ining umumiy uzunligi 2356,666 km o‘tishi va shu uzunlikda chegara belgilarining joylashuvi tushirilgan 1:25 000 va 1:100 000 masshtabli 81 varaqdan iborat demarkatsiya xaritasi, chegara chizig‘iga o‘rnatilgan 1672 ta chegara ustunlari bayonnomalari hamda ularni koordinata va balandlik katalogi, ikkitalik va uchtalik chegara belgilarini o‘zaro joylashganlik sxemalari, shuningdek, Keles va Sirdaryo daryolarida joylashgan orollarning joylashuvi bo‘yicha jadvaldan iborat. Davlatlararo shartnoma O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi chegaralari tutash nuqtasidan boshlanib, O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Turkmaniston chegaralari tutash nuqtasida tugaydigan ikki davlat o‘rtasidagi Davlat chegara chizig‘ining o‘tishini tartibga soluvchi asosiy hujjat hisoblanadi.

2001 yil 16 noyabrda imzolangan Qozog‘iston Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Qozog‘iston- O‘zbekiston davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma va 2002 yil 9 sentyabrda imzolangan Qozog‘iston Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Qozog‘iston-O‘zbekiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomaga tayangan holda O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish jarayonlari boshlangan. O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Davlat chegarasi chizig‘i o‘tishi va chegara belgilarining joylashuvi O‘zbekiston-Qozog‘iston Qo‘shma demarkatsiya komissiyasining 2004-2022 yillar davomida bo‘lib o‘tgan 100 ta muzokara hamda O‘zbekiston-Qozog‘iston Qo‘shma demarkatsiya komissiyasi ishchi guruhlarining 34 ta majlis bayonnomalari aks ettirilgan kelishuvlar hamda demarkatsiya qilish ishlarining yakuniy hujjatlari asosida tuzilgan. Davlat chegara chizig‘iga o‘rnatilgan jami 1672 ta chegara ustunidan 868 ta asosiy, ulardan 431 tasi O‘zbekiston tomonidan, 437 tasi Qozog‘iston tomonidan, 804 ta oraliq chegara ustuni, ulardan 376 tasi O‘zbekiston tomonidan, 428 tasi Qozog‘iston tomonidan o‘rnatilgan. Jumladan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi Davlat chegara chizig‘i bo‘ylab jami 1 ming 301 ta chegara belgilari o‘rnatilgan. Ulardan 1052 ta chegara belgisi quruqlikdagi davlat chegara chizig‘ida o‘rnatilgan bittalik chegara ustunidan tashkil topgan. 127 ta chegara belgisi chegara daryolari, kanallar qirg‘oqlari va yo‘llarning chetlarida o‘rnatilgan ikkita chegara ustunidan tashkil topgan. 122 ta chegara belgisi ichki va chegaraviy daryolar va kanallarning tutashish joylarida hamda davlat chegarasining suv havzasi va quruqlikdagi chizig‘i o‘zgaradigan joylarda o‘rnatilgan uchta chegara ustunidan tashkil topgan. Demarkatsiya jarayonida davlat chegara chizig‘ining Keles daryosidan o‘tadigan qismida, bundan tashqari, Sirdaryo daryosining Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh 20 kilometr qismida ham topografik ishlar bajarildi va bu bo‘yicha aniq to‘xtamga kelindi, shuningdek, Toshkent va Sirdaryo viloyatlariga o‘rnatilgan jami 249 ta ikkitalik va uchtalik chegara ustunlari joylashgan hududda topografik s’yomka ishlari bajarildi. Davlat chegara chizig‘ining boshlang‘ich nuqtasi 2001 yil 15 iyunda imzolangan Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida uch davlatning davlat chegaralari tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi Bitim bilan belgilangan O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi davlat chegaralarining tutash nuqtasi hisoblanadi.

Davlat chegara chizig‘ining yakuniy nuqtasi 2017 yil 10 noyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida uch davlatning davlat chegaralari tutashgan nuqtasi hududi to‘g‘risidagi Shartnoma bilan belgilangan O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Turkmaniston davlat chegaralarining tutash nuqtasi hisoblanadi.

Bugungi kunga kelib, uzoq yillar davomida bajarilgan ishlarning yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 30 iyun “O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risida Shartnomani (Toshkent, 2022 yil 22 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonuni qabul qilindi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA