O‘zsanoatqurilishbankda “Investorlar kuni” bo‘lib o‘tdi. Unda xalqaro moliyaviy institutlari, nufuzli bank va yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda qator kelishuvlarga erishildi.
Kuni kecha poytaxtimizda o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida tadbirlar tashkil qilinib, xalqaro ekspertlar bilan Yangi O‘zbekistondagi islohotlar yuzasidan fikr almashildi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, AQSHning “JP Morgan Chase”, Buyuk Britaniyaning “ICBC Standard PLC”, “ImpactA Global” va “Khumo 7 Consulting”, Germaniyaning “Commerzbank”, “KfW IPEX-Bank GmbH”, “Landesbank Baden-Wurttemberg” va “Deutsche Bank”, Avstriyaning “Raiffaisenbank”, Fransiyaning “Rothschild & Co”, “Natixis” hamda Fransiya taraqqiyot uyushmasi kabi yirik bank-moliya va investitsiya kompaniyalari vakillari ishtirokidagi “Investorlar kuni”da dastlab O‘zsanoatqurilishbank taqdimot o‘tkazdi.
Unda 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi doirasida korporativ boshqaruv, chakana, kichik va o‘rta biznes, filiallar tarmog‘ini boshqarish, IT, tranzaksion biznes, risklarni boshqarish hamda “yashil” bank yo‘nalishlarida amalga oshirilgan transformatsiya ishlarining natijalari haqida ma’lumotlar berildi.
Bank tizimida zamonaviy yechimlarni joriy etish, moliyaviy va inson resurslari samaradorligini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsata oladigan istiqbolli investorlarni jalb qilish va ular yordamida yanada samarali infratuzilma yaratishga qaratilgan masalalar yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Tadbir davomida “JP Morgan Chase” vakillari tomonidan O‘zbekiston banklarining jahon kapital bozori integratsiyasiga bag‘ishlangan sessiya ham o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan chuqur tarkibiy o‘zgarishlar, shu jumladan, iqtisodiyot yo‘nalishidagi islohotlar natijasi jahon hamjamiyati tomonidan alohida e’tirof etilayotgani ta’kidlandi.
Tadbir yakunlariga ko‘ra, qariyb 32 million dollarlik, jumladan, O‘zsanoatqurilishbank va “Raiffaisenbank” o‘rtasida savdoni moliyalashtirish bo‘yicha 15 million yevro miqdoridagi kredit bitimi hamda “ICBC Standard PLC” banki bilan 15 million dollari ekvivalentigacha bo‘lgan miqdorda milliy valyutada nominallangan qisqa muddatli banklararo kreditni jalb qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Reklama huquqi asosida
O‘zA