Yerning ozon qatlami asta-sekin tiklanmoqda. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO) hisobotida aytildi.
Mutaxassislar yaqin o‘n yilliklarda atmosferaning aksariyat qismida ozon qatlami to‘liq tiklanishini bashorat qilmoqda.
WMO ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yil tropik va subtropik ozon to‘planishi me’yordan yuqori bo‘lgan, baland kengliklarda, ayniqsa janubiy yarim sharda bu jarayon kutilganidan past darajada kuzatilgan.
Ozon qatlami Yerdagi hayotni zararli ultra binafsha nurdan himoya qiladi, shuning uchun ozon monitoringi inson va atrof-muhit xavfsizligi uchun juda muhim.
Tashkilot ozon qatlami tiklanishi Monreal protokoli va ushbu hujjatga kiritilgan tuzatish asosida ozonni yemiruvchi moddalar ishlab chiqarish va iste’mol qilish keskin kamayishi bilan bog‘liq, deb hisoblaydi. Shu bois mas’ullar ozon qatlamidagi uzoq muddatli o‘zgarishni chuqurroq o‘rganish zarurligini ta’kidlamoqda.
– Monreal protokolining muvaffaqiyati dunyoni ilm-fan tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan jamoaviy harakat orqali boshqa ko‘plab global ekologik muammolarni hal qilishga ilhomlantirishi mumkin, – deydi Jahon meteorologiya tashkiloti bosh kotibi Petteri Taalas. – Afsuski, iqlim o‘zgarishi ozon qatlamining tiklanish jarayonini sekinlashtirmoqda.
Hisobot mualliflari yozganidek, 2022 yil Antarktida ozon teshigi nisbatan kechroq, sentyabrda paydo bo‘ldi, oktyabr va noyabr oylariga nisbatan katta hajmda va chuqurlikda namoyon bo‘ldi. Sentyabr oyi boshida ozon massasi tanqisligi kechikishi va kamayishi qatlam tiklana boshlaganining asosiy dalilidir.
2022 yil yanvar oyida Tinch okeani janubidagi Hunga-Tonga-Hunga-Haapai vulqoni otilishi so‘nggi 100 yildagi eng yirik shunday hodisa bo‘ldi. Vulqon yuqori stratosferaga muz va suv bug‘ini chiqarib yubordi.
Portlash stratosferadagi suv bug‘i miqdorini 5-10 foiz oshirdi, bu esa o‘z navbatida Janubiy yarim sharda stratosfera sezilarli darajada sovishiga olib keldi. Suv bug‘i 2022 yil Janubiy yarim shar quyi stratosferasidagi ozon qatlamini pasaytirib yubordi.
G.Sattorova, O‘zA