Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari H.To‘raxo‘jayev ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylovda ishtirok etish huquqlari sud orqali himoya qilinishi va yuzaga kelgan nizolarni tezkorlik bilan adolatli hal etilishining kafolatlangani saylov natijalarining qonuniyligini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.
Sud organlari saylov jarayoniga aralashmaydi. Saylov qonunchiligi buzilishi, saylov jarayoni ishtirokchilarining huquq va manfaatlari buzilganida, ya’ni saylov bilan bog‘liq nizolar vujudga kelganida sud odil sudlov faoliyatini amalga oshirib, ushbu jarayonda qatnashadi.
Qayd etilganidek, murojaatlarning uzluksiz ko‘rilishini ta’minlash maqsadida ma’muriy va jinoyat sudlari sudyalari orasida alohida navbatchilik tashkil etilgan. Fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoya qilish, saylov jarayoni bilan bog‘liq nizolar hamda ishlarni o‘z vaqtida va qonuniy ko‘rib chiqish maqsadida Oliy sudda Ishchi guruhi tuzildi. Ishchi guruhning faoliyati saylov qonunchiligi bilan bog‘liq ommaviy nizolar, ma’muriy huquqbuzarlik va jinoyat ishlarining sudlarga kelib tushishi va ko‘rib chiqilishi yuzasidan kunlik monitoringni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Brifingda saylov jarayonida sudlarga kelib tushgan murojaatlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, ushbu davr mobaynida masalaga doir bir dona murojaat kelib tushgan bo‘lib, u belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi. Hududlardan taqdim etilgan axborotlarga ko‘ra, joriy yil 9 iyul soat 16:00 holatiga respublika sudlariga muddatidan ilgari Prezident saylovi jarayonlari bilan bog‘liq boshqa murojaatlar kelib tushmagan.
Muhtarama Komilova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA