Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida turli vazirlik va tashkilotlar vakillari ishtirokida brifinglar tashkil etilmoqda. Ularda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etilmoqda.
Jumladan, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari B.Abdullayev ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda saylov kuni xavfsizlikni ta’minlash va qonunbuzarliklarning oldini olish borasida ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida axborot berildi.
Qayd etilganidek, respublikamizning barcha hududlarida muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni xavfsizlikni ta’minlash va qonunbuzarliklarning oldini olish borasida tezkor choralar ko‘rish uchun barcha joylarda ichki ishlar organlari, yong‘in o‘chirish bo‘linmalari va tez tibbiy yordam xizmatlarining uzluksiz navbatchiliklari tashkil etildi.
Shuningdek, saylov tadbirlariga jalb etilgan xodimlar bilan yo‘riqnomalar o‘tkazilib, saylov uchastkasi binolarida xavfsizlikni ta’minlashga jalb etilgan har bir xodimga – saylov komissiyalari faoliyatiga va ovoz berish jarayoniga aralashmaslik shart ekanligi alohida tushuntirildi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, saylov o‘tkazish tartibini buzganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda va Jinoyat kodeksida javobgarlik belgilangan. Masalan, uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga aralashish yoki saylovga qo‘yilgan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzish – ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Agar, shunday xatti-harakatlar yuz bersa, respublikaning qaysi hududida bo‘lmasin ichki ishlar organlarida tunu-kun ishlayotgan “102” qisqa raqamli telefoni orqali xabar berish mumkin.
Bu yilgi saylovda qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan, uncha og‘ir bo‘lmagan yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar, shuningdek, ilk bor yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ham ishtirok etmoqda. Xususan, bugun qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 34 ming 338 nafar shaxslar ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2023 yil 10 mayda tasdiqlangan Kalendar rejaga ko‘ra, saylovga 45 kun qolganda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylaridagi mahkumlarning ovoz berishi uchun jami 48 ta saylov uchastkalari tashkil etildi. Jazoni ijro etish muassasalarida 354 nafar xodimdan iborat uchastka saylov komissiyalari tarkibi tuzilgan.
O‘zbekiston Prezidentligiga qo‘yilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlarini jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga yetkazish bo‘yicha nomzodlarning ishonchli vakillari tomonidan 272 marotaba targ‘ibot-tashviqot tadbirlari olib borildi. Mazkur saylov jarayonlarida kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish huquqiga ega va ular to‘siqsiz ichkariga qo‘yilmoqda.
Muhtarama Komilova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA