Nukus garnizonidagi 1-sonli yopiq harbiy shaharcha hududida joylashgan 62-saylov uchastkasida ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko‘tarinkilik bilan boshlandi.
Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda harbiy xizmatchilar oila a’zolari bilan birga erta tongdan ovoz berish uchun yig‘ilishdi. Soat 8.00da garnizon harbiy orkestri tomonidan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston respublikalari davlat madhiyalari kuylanib, saylov uchastkasi o‘z ishini boshladi.
Mazkur saylov uchastkasida saylash huquqiga ega bo‘lgan 1435 nafar fuqaro ro‘yxatdan o‘tib, ulardan 301 nafari muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalandi.
Ta’kidlash joizki, saylov uchastkasi saylov qonunchiligi asosida barcha moddiy-texnik jihozlar hamda axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan.
Ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.
O‘zA