Keyingi yillarda energetika sohasida amalga oshirilgan islohotlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Ayniqsa, bunda  “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi”ning (ASKUE) tatbiq etilishi ta’minotchi tashkilotlar va iste’molchilar uchun katta qulaylik yaratdi.

Prezidentimizning tegishli qarori asosida joriy etilgan ASKUE dasturiy ta’minot tufayli energiya resurslaridan oqilona va maqsadli  foydalanish imkoniyati vujudga keldi. Elektr energiyasi iste’molining ishonchli hisob-kitob mexanizmi shakllantirildi.

Bugun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Elektr energiya sotishni avtomatlashtirish markazi” filialida o‘tkazilgan xalqaro energetika forumida ushbu tizim faoliyati xususida so‘z bordi.

Janubiy Koreya, Xitoy va Eron Islom Respublikasi kabi qator xorijiy davlatlarning yirik kompaniyalari vakillari, tizim tashkilotlari mutasaddilari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan  tadbirda mamlakatimizda elektr tarmoqlaridan foydalanish sohasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil islohotlar o‘zining natijasini berayotgani ta’kidlandi.

“Elektr energiya sotishni avtomatlashtirish markazi” filiali yetakchi mutaxassisi Elyorjon Keldiyorov qayd etganidek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, Janubiy Koreyaning «KT Corporation» kompaniyasi hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamkorligida ishga tushirilgan “Elektr energiya sotishni avtomatlashtirish markazi” mamlakatimizda energetika sohasidagi islohotlarni yanada jadallashtirish, xususan, elektr energiya ta’minotida innovatsion texnologiya va yechimlardan foydalanish imkonini kengaytirgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

– Jamiyat tomonidan “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) joriy etildi. Mazkur dasturiy ta’minot tufayli elektr energiyasi iste’molining ishonchli hisob-kitob mexanizmi shakllantirilib, energiya manbasidan oqilona va samarali  foydalanishga imkon yaratildi. Shu bilan birga, mazkur tizim ishga tushirilishi orqali iste’molchilar o‘rtasida to‘lov intizomi mustahkamlanib, foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni istalgan joydan turib bank mobil ilovalari yoxud mamlakatimizda mavjud to‘lov tizimlari (Click, Payme, Paynet) orqali o‘z vaqtida amalga oshirish imkoni yaratildi. Shuningdek, ushbu markazda respublika, viloyat, tuman (shahar) va mahallalar  kesimida elektr energiyasi iste’molchilarining ma’lumotlari saqlanishi, shu bilan bir qatorda, dasturiy ta’minot orqali elektr energiyasining soatlik, sutkalik, oylik va yillik balanslarini shakllantirish, ko‘p tariflik tizimida hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, qarzdor iste’molchilarni to‘liq avtomatik ravishda o‘chirish va sarf qilingan elektr energiyasi uchun to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng qayta yoqish, masofadan turib elektr hisoblagichlarni qayta dasturlash kabi vazifalar shu tizim orqali boshqariladi, –dedi taqdimot jarayonida E. Keldiyorov.

Xitoyning “KAIFA” kompaniyasi mahsulotlarni boshqarish bo‘yicha direktori Meng Vang tomonlar hamkorligi va forum taassurotlari haqida intervyu berdi.

–O‘zbekistonda ASKUE tizimini tatbiq etishda ishtirok etdim. Bugun tashkil etilgan forumda ishtirok etish jarayonida ushbu tizimning faoliyati haqida taqdimotlarni diqqat  bilan tingladim. Shu bilan birga, ushbu filialning bugungi faoliyatini yaqinroq tanishish maqsadida ASKUE tizimining ishlash jarayonini kuzatdim. Bu bo‘yicha hamkorligimiz nihoyasiga yetkazilgan. Bu tadbir doirasida biz yana  o‘zbek tomoni bilan shartnoma imzolashga muvaffaq bo‘ldik. Unga ko‘ra, mazkur tizimga texnik xizmat ko‘rsatish va  yangi texnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha hamkorlik qilamiz, –dedi Meng Vang.

Shuningdek, forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 martdagi qarori ijrosi doirasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan respublikamizda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA