“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida o‘tkazilgan navbatdagi panel sessiya “Barqaror iqtisodiy taraqqiyot: dolzarb masalalar” mavzusiga bag‘ishlandi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Singapur xalqaro hamkorlik tashkiloti ijrochi direktori Kong Vay Mun, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalari bo‘yicha katta iqtisodchisi Pinar Yashar va boshqalar xususiylashtirish, raqamlashtirish, qolaversa, infratuzilma, tadbirkorlik va inson kapitalini rivojlantirish, sanoat transformatsiyasi hamda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda raqobat siyosatining roli xususida so‘z yuritdi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulov o‘z nutqida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiy ko‘rsatkichlar va istiqboldagi vazifalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
– O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishi yo‘lida muhim ustuvor vazifalar belgilab olgan. Bu jarayonda boshqa mamlakatlar tajribasi ham o‘rganilib, milliy model asosida ushbu maqsadlar amalga oshiriladi. Shuningdek, 2030 yilga qadar O‘zbekistonni “o‘rtadan yuqori daromadli” mamlakatlar guruhiga kirishi uchun muhim islohotlar tatbiq etiladi, – dedi vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, tadbirda ishtirokchilar xususiylashtirish va infratuzilmani rivojlantirishning barqaror o‘sishni ta’minlash, xususiylashtirish jarayoni va mazkur yo‘nalishda Polshaning tajribasi, ijtimoiy soha inklyuzivligini oshirishda davlat-xususiy sheriklik mexanizmining o‘rni, O‘zbekistonda DXSH mexanizmini keng joriy etishning istiqbollari kabi mavzularda ham qizg‘in fikr-mulohalar almashdi.
Kong Vay Mun ishtirokchilarni Singapurning raqamli davlat xizmatlarini ko‘rsatish tajribasi va raqamli transformatsiya jarayoni bilan tanishtirdi.
– Singapur oldidagi nafaqat maqsadlar haqida, balki bizda ham global muammolar ta’sir qilayotganini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Bu pandemiya, iqlim o‘zgarishi va global iqtisodiy inqirozlardir. Bunday inqirozlar iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qilishi, balki uni to‘xtatib qo‘yishi ham mumkin. Masalan, oziq-oqvat, suv, energiya, ijtimoiy xavfsizlik bular hammasi – ushbu ta’sir ostida. Aynan shu sohalar hukumat e’tiborida bo‘lishi zarur, deb hisoblayman. Bu muammolar yechimini topish va u sohalarni rivojlantirish uchun katta sa’y-harakatlar lozim. Albatta, biz shunday murakkab masalalarni hal qilish bo‘yicha tajribaga egamiz. Bu borada yaxshi boshqaruv, inson kapitalini rivojlantirish kabi masalalarda choralar ko‘rganmiz. Aytish joizki, bu borada O‘zbekiston jadal islohotlarni olib bormoqda. O‘z navbatida, Singapur innovatsiya va texnologiyalar yo‘nalishlariga katta e’tibor qaratyapti va 2030 yilgacha bu sohalardagi strategiyalarimiz bor, – dedi Singapur xalqaro hamkorlik tashkiloti ijrochi direktori Kong Vay Mun.
Tadbirda Jahon banki mutaxassislari tomonidan barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xalqaro hamkorlik hamda mazkur tashkilot bilan birgalikda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar va ularning natijadorligi e’tirof etildi.
Muhokama yakunida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sharoitida innovatsion ish o‘rinlarini yaratish va muqobil energiya resurslaridan foydalanishni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Nasiba Ziyodullayeva ,O‘zA