Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Anqara Ukraina atrofidagi vaziyatda Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.
– Ziddiyatning boshidanoq biz Ukraina bilan birdamligimizni siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik kabi turli sohalarda aniq yordam ko‘rsatish bilan namoyish etdik, – dedi Erdog‘an Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaradan so‘ng uyushtirilgan matbuot anjumanida. – Turkiya nizoni muzokara asosida to‘xtatish uchun eng maqbul sa’y-harakatni amalga oshirayotgan davlatdir. Biz kelishuvga erishish bo‘yicha amallarni davom etamiz. Sodir bo‘layotgan voqealarga qaramay, Turkiya va Ukraina o‘rtasidagi do‘stlik to‘liq mustahkamlandi. Hozir tugagan muzokara ham mamlakatlarimiz, ham mintaqamiz va xalqaro hamjamiyat uchun foydali bo‘lishidan umidvorman.
Erdog‘an Ukraina NATOga a’zo bo‘lish huquqiga ega, degan fikrni ham qo‘shib o‘tdi.
“Biz har doim Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashimizni bildiramiz, Kiyev Shimoliy Atlantika alyansi a’zoligiga loyiq”, dedi u.
Erdog‘an ma’lum qilishicha, keyingi oy Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiyaga tashrif buyurishi mumkin.
“Biz ham Ukraina, ham Rossiya bilan tinchlik yo‘lida muzokara olib borishga tayyormiz”, deya bayonotini yakunlagan Turkiya yetakchisi.
Zelenskiy o‘z navbatida Erdog‘anga Ukraina ziddiyatida berayotgan ko‘magi, sa’y-harakati, uni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zA