Ukraina mojarosi yangi yuqori texnologiyali urush davri boshlanayotganidan darak bermoqda, jangovar harakat olib borish tamoyilida uch xulosa chiqarish imkonini bermoqda, deb yozdi Britaniyada nashr qilinadigan “The Economist” jurnali:

– Birinchi xulosa shuki, jangovar harakat tobora shaffof tus olmoqda, urush maydonidan tezkor ma’lumotni sir saqlash borgan sari qiyinlashmoqda, jang yakuni esa razvedkaga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ustuvorlik dushmanni u sizni bilib qolishidan oldin aniqlash, raqibning droni, yo‘ldoshi va shunga o‘xshash har qanday qurilmasini ishdan chiqarish, jang maydonidagi ma’lumot uzatish vositalarini kiber hujum, radio elektron kurash vositasi yoki eskicha usulda portlovchi modda yordamida ishdan chiqarishga qaratiladi.

Shuningdek, maqolada ta’kidlanishicha, tezkorlik, aniqlik, maxfiylik va dushmanni chalg‘itish amallariga tayangan holda jang olib borishning yangi usullarini ishlab chiqishga to‘g‘ri kelmoqda.

Maqola mualliflarining yana bir xulosasi: hatto, sun’iy intellekt davrida ham ziddiyat haligacha ko‘p miqdorda shaxsiy tarkibdan foydalanishni ko‘zda tutmoqda. Uchinchi xulosada yirik urushlarning chegarasi borgan sari noaniq bo‘lib qolayotgani, jang paytida harbiylar, oddiy aholi yoki tijorat kompaniyalari o‘rtasida farq qolmayotgani, ular aralashib ketayotgani ta’kidlangan.