Konferensiyada xorijiy tuzilma rahbarlari nutq so‘zlamoqda

Poytaxtimizda o‘tayotgan “Ijtimoiy xizmatlar sohasini kengaytirish va kambag‘allikni qisqartirish – barqaror rivojlanish garovi” mavzusiga bag‘ishlangan navbatdagi sessiyada xorijiy tuzilmalar vakillari ishtirok etib, ma’ruza qilmoqda.

Siyosiy tahlilchi va xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert Jorj Ayjan moderatorligida o‘tgan yig‘ilishda Kanadaning “Work Global Canada Inc” kompaniyasi prezidenti Pol Shelliy hamda Shveysariya “Globogate Concept AG” kompaniyasi Biznesni rivojlantirish bo‘yicha bosh menedjeri Yoxan Mayers ham so‘z olib, sohada kuzatilayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, xalqaro hamjamiyat integratsiyalashuvi, tajribasi orqali ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish mumkinligi ta’kidlandi.

– Kambag‘allikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, kasbga tayyorlash va ish o‘rinlarini ko‘paytirishga qaratilgan kompleks vazifadir, – deya fikr bildirdi Pol Shelliy. – Bugungi globallashuv davrida mamlakatda tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, biznes loyihalarga yo‘naltirilgan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlash lozim. Ishbilarmon vakillarga barcha shart-sharoitlar yaratib, ularning aholini ish bilan ta’minlashga bo‘lgan harakatini ro‘yobga chiqarish mumkin.

Qayd etish kerak, oxirgi besh yilda yurtimizda tadbirkorlar soni 285 mingdan 590 mingtaga ko‘paydi. Bu bitta tumanda 2,5 mingdan ziyod yoki bir mahallada 50 nafardan tadbirkorlar sinfi shakllandi, degani.

Joriy yil 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirilishi boshlangani to‘g‘risida ma’lumot berildi. Dasturga 2023-2024 yillarda jami bir milliard dollar ajratilishi belgilangan. Bu mablag‘lar hisobidan tadbirkorga kambag‘al oilalar a’zosini kasbga o‘qitib, ishli qilishiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi.

Aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan ushbu dastur doirasida tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga o‘qitish xarajatlari to‘liq qoplab berilishi alohida e’tirofga sazovor.

Ekspertlar ta’kidlaganidek, mamlakatimizda tadbirkorlarga keng imkoniyat yaratish orqali fuqarolarni ishli qilish rejasi ijobiy tus olmoqda. Shunday ekan, dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliq va bojxona ma’murchiligida, infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan ta’minlashda qo‘shimcha yengilliklar nazarda tutilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu yangi tizim asosida 2023 yilda 550 ming aholini o‘qitib, kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgan.

– Yangi O‘zbekiston inson kapitalini rivojlantirish, aholi farovonligini ta’minlashni o‘zining eng ustuvor vazifasi deb bilishi meni hamisha hayratlantirgan, – dedi nemis Bundestagi deputati Stefan Mayer. – Dunyoning taraqqiy topgan, ijtimoiy-iqtisodiy barqaror o‘sayotgan va inson kapitali yuqori bo‘lgan demokratik davlatlari qatoriga kirishini ta’minlash – amaldagi islohotlarning mazmun va mohiyatini tashkil etadi.

Sessiya davomida aholi bandligini ta’minlash uchun oilaviy tadbirkorlikka 15 trillion so‘m imtiyozli kredit va subsidiyalar, dehqonchilik uchun 200 ming gektar yer ajratilganiga oid statistika e’lon qilindi. Shu davrda 300 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilinib, 20 ming korxona faoliyati kengaytirilgan. O‘tgan bir yilda mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga pasayib, bir million fuqaro kambag‘allikdan chiqarilgan.

Bundan tashqari, taqdimot qilgan mutaxassislar Yangi O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasida davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar ko‘paytirilganiga ahamiyatini qaratdi. Aytishlaricha, byudjetdan har yili qo‘shimcha 30-40 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgan. Bularning barchasi har yili yuzlab yangi bog‘cha, maktab va shifoxonalar qurish imkonini beradi.

Inson hukuqlari kafolati kuchaytirilib, majburiy mehnat, shu jumladan, bolalar mehnatiga butunlay barham berilgani, buning ortidan o‘zbek paxtasiga e’lon qilingan boykot bekor bo‘lgani ishtirokchilar e’tiborini tortdi.

Bandlik, kambag‘allikni qisqartirish va aholini ishga jalb etish masalalari muhokama qilinar ekan, ijtimoiy soha vakillarini majburiy mehnatdan ozod etish, ularning faoliyatini rivojlantirishga ham e’tibor kuchaygani ta’kidlandi.

Sessiya baxs-munozara shaklida davom etdi. Keyingi tadbirda tashqi mehnat migratsiyasi sohasi masalalari muhokama qilinadi.

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA