Bishkekda “Demokratiya yo‘lida ommaviy axborot vositalari erkinligi himoyasi” shiori ostida YeXHTning 24-Markaziy Osiyo ommaviy axborot vositalari konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
YeXHTning Ommaviy axborot vositalari erkinligi masalalari bo‘yicha vakili byurosi tomonidan tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston vakillari, jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev ham ishtirok etmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabar berdi.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Mo‘g‘uliston va Moldova davlatlari vakillari ikki kun davomida o‘z milliy tajribalarini almashib, ommaviy axborot vositalari erkinligi himoyasi, yolg‘on axborotga qarshi kurashish hamda algoritmlar va sun’iy intellekt davrida so‘z erkinligi kabi dolzarb masalalarni muhokama qiladi.
Dastlabki sessiyada O‘zbekiston vakillari tomonidan mamlakatimiz hayotidagi eng muhim siyosiy voqealar – konstitutsiyaviy islohotlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, hukumat tomonidan milliy axborot sohasini rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan ham konferensiya ishtirokchilariga axborot taqdim etildi.
Konferensiyada bir nechta parallel sessiyalar davomida dezinformatsiyaga qarshi kurash, so‘z erkinligi, maxfiylik, jurnalistik manbalarni himoya qilish va raqamli xavfsizlik, jurnalistlarni himoya qilish mexanizmlari va vositalari, nafrat nutqi, Markaziy Osiyoda ommaviy axborot vositalarining o‘zini o‘zi boshqarishi, media va raqamli savodxonlik tashabbuslari kabi keng ko‘lamli dolzarb masalalar o‘rganiladi.
Bundan tashqari, konferensiyada jurnalistlar xavfsizligining huquqiy jihatlari bo‘yicha munozaralar, sun’iy intellekt bo‘yicha master-klass, filmlar namoyishi va interaktiv seminar kabi turli tadbirlar rejalashtirilgan.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha jahon va mamlakat axborot makonini, so‘z erkinligini ta’minlash va ommaviy axborot vositalari faoliyatini ta’minlash sohasida qonunchilik bazasi va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ro‘yxatini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
M.Komilova,
O‘zA