Inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan islohotlarni davom ettirishni davrning o‘zi talab qilmoqda. Ayniqsa, oilalarda er-xotin o‘rtasida yuz berayotgan noxush holatlar, shuningdek, xotin-qizlarga, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining sodir etilayotgani ushbu sohadagi munosabatlarni qaytadan ko‘rib chiqib, tegishli choralarni belgilash zarurligini ko‘rsatdi.

Bir haftadan keyin O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarga qarshi jinsiy va boshqa jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlangan shaxslar reyestri paydo bo‘ladi.

O‘zbekiston Prezidenti 11 aprel kuni “Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bir qator o‘zgartirishlar qatorida “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasiga qo‘shimcha kiritishi ham ko‘zda tutilgan: uch oy ichida (ya’ni iyul oyidan boshlab) bir qator jinoyatlar uchun sudlangan shaxslar reyestrini shakllantirish va yuritish, shuningdek undan axborot olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Mazkur reyestr quyidagi jinoyatlar uchun sudlangan shaxslarni o‘z ichiga oladi:

– qasddan odam o‘ldirganlik;

– o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, jinsiy aloqa qilishga majbur etish yoxud unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik;

– voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirganlik, xuddi shuningdek uni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etganlik

– voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qo‘shmachilik qilganlik, fohishaxonalar tashkil etganlik yoki saqlaganlik;

– Terrorizm.

Mazkur reyestrga kiritilgan shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.

Amaldagi qonunchilikka “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik”, “ta’qib etish” kabi tushunchalar kiritilib, ushbu huquqbuzarliklar uchun tegishli ravishda ma’muriy hamda jinoiy javobgarliklar belgilandi.

Endilikda xotiniga yoki eriga, sobiq xotiniga yoxud sobiq eriga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik uchun tegishincha ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikka tortiladi.

 

M.Turdaliyeva, H.Abduvoitov O‘zA