So‘nggi yillar yuz berayotgan iqlim o‘zgarishlari olim va mutaxassislarni  birdek tashvishga solayotgani matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘layotgan masalalardan biri, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Rossiyalik iqlimshunos Aleksey Kokorinning kuzatuv va tahlillariga ko‘ra, tabiatdagi keskin o‘zgarish to‘xtovsiz davom etaversa va bu ofatga qarshi hech qanday amaliy choralar ko‘rilmasa, XXI asr so‘ngida 3 milliardga yaqin odam, ya’ni yer yuzi aholisining 30 foizga yaqini ekologik vaziyat, ayniqsa, suvsizlikdan o‘z istiqomat joylarini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi.

Mutaxassisning fikriga ko‘ra, salbiy  holatlarning oldini olish mumkin. Ammo ko‘rilgan chora-tadbirlar ko‘ngildagidek natija berganida ham yer yuzi aholisining 10 foiziga yaqini ichimlik suvi ilinjida o‘z vatanlarini tashlab ketishga majbur bo‘ladi.

Shu o‘rinda Parij bitimiga a’zo davlatlar bu borada qanday ishlarni amalga oshirmoqda, degan savol ko‘ndalang bo‘ladi.

Ma’lumki, Parij bitimi iqlim o‘zgarishi, 2020 yildan atmosferada issiqlik gazlari miqdorini kamaytirish yuzasidan chora-tadbirlarni tartibga solish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining dastlabki Konvensiyasi doirasida qabul qilingan hujjat hisoblanadi.

Mazkur bitim 2015 yil 12 dekabrda Parijda bo‘lib o‘tgan Iqlim bo‘yicha konferensiyasi chog‘ida Kioto protokolining rivoji sifatida qabul qilingan.

Hujjatni BMTga a’zo 175 ta davlat, jumladan, Fransiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy va Rossiya kabi katta davlatlar ham imzolagan.

Tadqiqotchilar sayyoradagi haroratni hayotiy muhim me’yorda ushlab turish uchun atmosferaga chiqarilayotgan is gazi miqdori 2030 yilga borib 45 foizga kamaytirilishi zarurligi haqida bong uradi.

Afsuski, bugun vaziyat ijobiy tomonga o‘zgardi, deb ayta olmaymiz.

AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari havoga is gazi chiqishni 2050 yilga borib, Xitoy va Rossiya 2060 yil, Hindiston esa 2070 yilga borib to‘liq nazorat qilishni rejalashtirgan.

Barcha sa’y-harakatlar global isish sur’atini 1,5 selsiy miqdorida ushlab turish, 2100 yilgacha o‘rtacha havo haroratining sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan 2 gradusga oshishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat bo‘lib turibdi.

Ammo bu oson bo‘lmaydi.

O‘zA