Quyosh va Yer sayyorasini hajm jihatdan xuddiki koptok va no‘xatga qiyoslash mumkin. Tasavvur qilish mushkul ammo koinotda shunday qudratli “astro-yirtqich”lar borki, ular nafaqat Yer yoki Quyoshni, balki butun galaktikamizni ham bir nafasda “yutib” yuborishga qodir. Xalq tilida “qora tuynuk” deb ataladigan bu “yirtqich” qanday paydo bo‘lgan? Teleskoplarga qarab uni ko‘rish mumkinmi?

XX asrda fazoviy jismlar va koinotdagi hodisalarga doir ko‘plab kashfiyotlar qilindi. Ulardan biri qora tuynuklarning aniqlanishidir. Tasavvur qiling: o‘zining butun energetik zaryadini sarflab bo‘lgan yulduz o‘z-o‘zining ichiga qarab toraya boshlaydi. Siqilish natijasida yulduzning o‘rnida zichligi cheksiz yuqori bo‘lgan, massasi esa nolga yaqin qudratli gravitatsion maydon hosil bo‘ladi. Mana shu maydon astronomiyada “qora tuynuk” deb ataladi. Olimlar qora tuynuklarning 3 ta xususiyatini alohida ta’kidlashadi:  

–  ular ko‘rinmaydi;  

–  ular ulkan tortishish maydoniga ega bo‘lgani sababli atrofidagi hamma narsani o‘z domiga tortib, atrofini “supurib” tozalaydi;  

–  ular doimiy harakatda.  

Ulkan massaga ega bo‘lgan yulduzlar koinotda tortishish maydonlarini hosil qiladi. Bu ob’ektlarning o‘ziga xosligi shundaki, ular ichida fizikaning barcha qonunlari amal qilishdan to‘xtaydi, vaqt to‘xtab qoladi, istalgan materiya va nur izsiz yo‘qoladi.

1915 yilda Albert Eynshteyn yangi fizik nazariya — umumiy nisbiylik nazariyasini taklif qildi. U butun olam tortishish (gravitatsiya) hodisasini fazo-vaqtning egriligi bilan izohladi. Eynshteyn o‘z nazariyasining dalillaridan biri sifatida Nyuton nazariyasi doirasida tushuntirishning iloji bo‘lmagan Merkuriy orbitasining aylanishi bo‘yicha hisob-kitoblarini taklif qildi. Keyinchalik Eynshteyn nazariyasi 1919 yilda to‘liq quyosh tutilishi paytida Quyosh yaqinida yorug‘lik nurlarining egriligini kuzatish orqali sinovdan o‘tkazildi.

Aslida qop-qora tuynukni o‘rab turgan “olovli halqa” aql bovar qilmaydigan darajada qizigan va qora tuynuk tomonidan yutilayotgan gazning hosilasidir. Gaz shu qadar nur taratganidan shu galaktika joylashgan milliardlab yulduzlarni to‘sib qo‘yadi. Hodisalar ufqi ichidagi qora bo‘shliqda bizga ma’lum fizika qonunlari ishlamay qoladi. Biror jism moddaning gravitatsiya maydonidan qutulish uchun u gravitatsiya sur’atidan tezroq harakatlanishi kerak. Aks holda u bu maydondan qutulib keta olmaydi. Masalan, Yerning tortishish maydonini yengib o‘tish uchun kosmik kema soniyasiga 11,2 kilometr tezlikda yuqoriga harakatlanishi lozim. Qora tuynukda esa jismlarning gravitatsiya ta’siridan qochish tezligi nihoyatda ulkan bo‘lishi kerak. Ammo hech bir jism bunday katta tezlikka erisha olmaydi. Hatto yorug‘lik ham. Vaholanki, u soniyasiga 300 ming kilometr tezlikda harakatlanadi. Ammo qora tuynukning tortishish maydonidagi tezlik yorug‘lik tezligidanda yuqori bo‘lgani uchun u yorug‘likni ham “yutib” yuboradi. Qora tuynuk yorug‘likni qaytarmagani, balki “yutib” yuborgani uchun ko‘rinmaydi, uni tasvirga olishning iloji ham yo‘q.

Texnologiyalar qay darajada rivojlanmasin, dunyoda olam va odam bilimlariga bog‘liq bo‘lmagan g‘ayrioddiy hodisalar talaygina. Biz ularni o‘rganish davomida borgan sari hayrat olamiga sho‘ng‘ib boraveramiz.

Internet materiallari asosida O‘.Alimov tayyorladi.

Videomuhandis N.Abduvoitov,

O‘zA