Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Jumladan, bir guruh deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar sifatini oshirish, ichimlik suvi resurslaridan oqilona foydalanish, ichimlik suvidan foydalanishni davlat tomonidan nazorat qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq normativ-xuquqiy xujjatlarda qo‘llanilgan asosiy tushuncha va atamalarni yagona shaklga moslashtirish nazarda tutilgan.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar qonun loyihasining muhimligini alohida e’tirof etdilar. Ayniqsa, O‘zbekiston Ekologik partiyasining dasturida ham mamlakat aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, mavjud suv chiqarish inshootlarini modernizatsiya qilish, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks choralarni amalga oshirish borasida alohida maqsad va vazifalar belgilab olingani ta’kidlandi.

Majlisda fraksiya a’zolari qonun loyihasi bugungi kun talablariga to‘la mos kelishini inobatga olib, uni ikkinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladilar.

Yig‘ilishda “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida o‘z jazosini to‘liq o‘tab bo‘lgandan so‘ng, uning oqibatlari kelgusi hayotiga ta’sir qilmasligi va o‘z hayotini yangitdan boshlashi uchun imkoniyat berilishini ta’minlash maqsadida voyaga yetguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda. Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklash hamda ozodlikdan mahrum qilish jazosinnig eng kam muddati 6 oydan 1 oyga qisqartirilmoqda.

Fraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirib, voyaga yetmaganlik davrida sodir etgan jinoyati uchun jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgan shaxsga, o‘z hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda yangitdan boshlashiga imkon berishini ta’kidlab, uni ma’qulladilar.

Muhtarama Komilova, O‘zA