Oxirgi paytlarda ko‘pchilik vaqtning juda tez o‘tayotganligidan noliydigan bo‘lib qoldi. Kunlar va oylar bir-birini shamoldek quvib, shiddat bilan o‘tib bormoqdaki, natijada bizning imkoniyatlarimiz ham chegaralanib borayotgandek go‘yo. Jahonda yuz berayotgan iqlim o‘zgarishlari va ularning ayanchli oqibatlarini kuzatar ekansiz, beixtiyor bugungi kunda bot-bot jaranglayotgan “qiyomat-qoyim”, “mayyalar taqvimi” singari atamalar e’tiboringizni tortishi shubhasiz. Demak, VAQT bilan bog‘liq nimadir sodir bo‘lmoqda. Xo‘sh nima ekan u?
Vaqtning tez o‘tayotganligi haqida mulohaza yuritar ekanmiz, beixtiyor ingliz yozuvchisi Gerbert Uells fantastikasiga murojaat qilamiz. Uning bashoratlari qaysidir manoda o‘z tasdig‘ini topmoqda. Masalan, olmoslarni suniy tarzda tayyorlash, okean chuqurliklarini o‘rganish uchun batiskaflarning kashf etilishi, vahokazo… Agarda biz yozuvchining “Eng yangi tezlatgich” hikoyasini esga olsak, professor Gerbern ajoyib bir eliksirni ixtiro qiladi. Uning yordamida muayyan bir inson uchun vaqtni o‘zgartirish mumkin bo‘ladi. Malhamni ichgan odam organizmida barcha tabiiy jarayonlar 100 marta tezlashadi va u bir soniyada oddiy hayotida bir necha daqiqalarda ham bajara olmaydigan ishlarni qilishga ulguradi. Bunda butun borliq go‘yo qotib qoladi, hatto asalarilar ham shilliqqurt kabi sekin harakatlanadilar. Buni ilmiy tilda “giper lahza” deyishimiz mumkin bo‘ladi.
Ehtimol, vaqtning o‘zi ham doimiyligiga qaramay, “ixchamlashar”. Vaqtning o‘zgaruvchanligi haqida mashhur fizik olim Viktor Veynik o‘ziga xos tushuntirishlar bergandi. Akademik Veynik vaqtning ham xuddi fizik hodisa sifatida moddiy tashuvchisi – o‘ziga xos moddasi bor, degan qiziq bir ilmiy gipotezani ilgari surgan edi. Veynik bu moddani “xronal maydon” deb atagan. Olim tomonidan amalga oshirilgan ilmiy tajribalar jarayonida tadqiqot uchun mo‘ljallangan elektron qurilmalarga joylashtirilgan qo‘l soatlari o‘z yurishini tezlashtirishi va aksincha, sekinlashtirishi mumkin bo‘lgan. Vaqt moddasi bilan o‘tkazilgan tajribalardan kelib chiqib, Veynik yer kurrasining vaqt maydoni mavjud, degan xulosaga keldi. Bu maydonni olim shartli ravishda “xronosfera” deb atab, u o‘tmishdan kelajakka o‘tishni boshqaradi degandi.
Hayot jarayoni yuqori tezlikda kechgan qadim zamonlarda sayyoramizda hayot go‘yo “qaynagan”. Dinozavrlar ko‘p qavatli binodek ulkan, o‘t-o‘lanlar esa daraxtlar misol katta, ibtidoiy odamlar ham juda baquvvat, yirik jussali bo‘lishgan. Jangu-jadal davrlari ortda qolib, hayot tobora zaiflasha boshladi, hayvonot va nabotat olami o‘lchamlarda keskin kichrayib bordi. Xullas, yer shari keksaydi. Endilikda barcha jarayonlarning davomiyligi ming marta pasaygan, biz esa hatto ko‘z o‘ngimizda kuzatilayotgan vaqt sekinlashuvini ham his qilish imkoniga egamiz.
Darvoqe, hozirda ham yer yuzida yuqori darajali xronalga ega makonlar mavjud. Masalan, Saxalin oroli. Bu yerda o‘sadigan o‘simliklar o‘lchamining kattaligi bilan kishini lol qoldiradi. Bir paytlari fransuz olimlari bu ulkan o‘simliklarni o‘z yerlariga olib borib o‘stirishga uringan edilar. Biroq natijasi ular kutgandek bo‘lmadi. Oradan bir yil o‘tib, ko‘chirib o‘tqazilgan o‘simliklar oddiy o‘simliklardan farq qilmay qo‘ydi.
Afsuski, biz sayyoramizni o‘zimiz yashaydigan makon sifatida qabul qilmaymiz va umumiy uyimiz bilan juda yomon munosabatda bo‘lamiz. Zamonaviy insonning ongi suniy tarzda siqilgan va faqat tor istiqomat joyigagina bog‘langan. U sayyoramiz bilan nimalar sodir bo‘layotgani bilan umuman qiziqmaydi, go‘yo buning unga dahli yo‘qdek. Qanchalik qayg‘uli bo‘lmasin, tan olish kerakki, sunami, suv to‘fonlari, vulqonlarning otilishi, yer silkinishi kabi tabiiy ofatlar insoniyatning atrof-muhitga zug‘umi natijasi o‘laroq sodir bo‘lmoqda. Bashariyatning bu ulkan xatosiga tabiat ham qaysidir darajada o‘ch olmoqda.
Yer yuzidagi barcha narsaning oxiri faqat xudoning qo‘lidadir, undan boshqa bu kunning qachon kelishini hech kim bilmaydi. Butun sayyora taqdiri haqida bosh qotirishga esa hojat yo‘q, yaxshisi, o‘zingiz, o‘z hayotingiz va zimmangizga yuklatilgan vazifangiz haqida o‘ylab ko‘ring. Uzunmi yo qisqami hayot yo‘lini bosib o‘tishdan qatiy nazar, har kim o‘zi uchun o‘zi javob berishiga to‘g‘ri keladi.
Yaratganning ijodi bo‘lmish insoniyat uning qonun-qoidalariga bo‘ysunmasa, amal qilishdan bosh tortsa, yo‘qlikka yuz tutishi muqarrar…
Internet materiallari asosida O‘.Alimov tayyorladi.
Videomuhandis N.Abduvoitov,
O‘zA