Qaror va ijro

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazida joriy yil hisobidan birinchi marotaba bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur markazda belgilangan muddat tahsil olgan 40 nafar qoraqalpog‘istonlik yoshlarga harbiy-texnik mutaxassisligi bo‘yicha sertifikatlar topshirildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yildagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining ayrim ta’lim muassasalari va avtodromlarni ularning asosiy vositalari, o‘quv va moddiy-texnik bazasi bilan birgalikda operativ boshqarish huquqi asosida Mudofaa vazirligi qabul qilib olgan edi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazi o‘z faoliyatini 2019 yildan boshlab, bugungi kunga qadar to‘rt yuz nafarga yaqin tayyor mutaxassisni Qurolli Kuchlar safiga yetkazib berdi.

Markaz armiya uchun “V” va “S” toifasidagi yengil va og‘ir harbiy avtomobillarni boshqaradigan haydovchilar, “Dizelchi-elektrik” va “Oshpazlar”ni yetishtiribgina qolmay, yoshlarni ma’naviy-axloqiy hamda harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalab keladi.

Bu yerda ta’lim olayotgan kursantlarnng oziq-ovqat, kiyim-kechak va maishiy ta’minoti davlat byudjeti tomonidan qoplanadi. Har yili markaz 110 nafar qoraqalpog‘istonlik yoshlarga ta’lim-tarbiya berib, kasbga o‘qitadi hamda armiya saflariga ketish uchun tayyorlab beradi. O‘qish muddati uch oy. Unda aniq, gumanitar-ijtimoiy, texnik hamda boshqa fanlar bilan bir qatorda dastlabki harbiy tayyorgarlik ham o‘qitib boriladi. Demakki, bu yerni tamomlagan yoshlar harbiycha hayot tarziga ancha ko‘nikib, armiya saflariga yo‘l oladi.

Kursantlarning sifatli ta’lim olishi hamda mutaxassislik egallashi uchun 10 dan ortiq o‘quv xonasi, pnevmatik miltiqdan o‘q otish uchun tir, texnikalarni saqlash bokslari, sport zali, kutubxona, yotoqxona, oshxona hamda boshqa maishiy inshootlar mavjud. Nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlash tizimining samarali bo‘lishini ta’minlash uchun markazda mavjud laboratoriyalardagi o‘quv-mashq texnikalaridan keng foydalaniladi. Ta’lim-tarbiya jarayoniga 8 nafar o‘qituvchi hamda 4 nafar yo‘riqchi jalb etilgan bo‘lib, yoshlar bilan ham jamoaviy, ham individual ishlash tamoyili asosida mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

Alohida aytish lozimki, mazkur ta’lim muassasasini tamomlagan kursantlar birinchilar qatorida ta’lim olgan mutaxassisligi bo‘yicha muddatli harbiy xizmatga saralab olinadi.

Muntazam o‘tkazilayotgan musobaqa va tanlovlar esa bo‘linmalarda sog‘lom, raqobatbardosh muhitni ta’minlab, yoshlarda yetakchilik qobiliyati shakllanishiga hissa qo‘shmoqda.

Markazda tahsil olish uchun nomzodlar tuman, shahar mudofaa ishlari boshqarmasiga murojaat etishi hamda belgilangan saralash bosqichlaridan o‘tishi kerak bo‘ladi. Eng sara yigitlar ushbu ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinadi.

Bitiruv marosimida harbiy xizmatchilar hamda bitiruvchilarning yaqinlari ishtirok etdi.Marosimda harbiy xizmatga qadar tayyorlov kurslarini o‘tagan hamda mutaxassislikka ega bo‘lgan yoshlarga tegishli sertifikatlar tantanali tarzda topshirildi.Tadbir davomida namunali hulqi, o‘qishda erishgan yutuqlari bilan alohida ajralgan bir guruh yoshlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi tomonidan faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

 

Abdullajon UMARALIEV,

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xodimi,

kichik serjant.

O‘zA