Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ovoz beruvchi fuqarolar muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.

Bugun mamlakatimizda Hayit bayrami nishonlanishiga qaramasdan barcha saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.

Nukus shahridagi 28-saylov uchastkasida 2 ming 165 nafar fuqaroning ovoz berishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ushbu uchastkada 28 nafar yosh birinchi marta ovoz beradi. Yusupovlar oilasi yozgi ta’tilga chiqishi munosabati bilan muddatidan oldin ovoz berish uchun saylov uchastkaga keldi.

Shuningdek, Nukus shahri “Chimboy choyxona” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 12-sonli saylov uchastkasidan Ixlosboy Jumabayev va Dilshoda Saparniyazovalar muddatidan oldin ovoz berdi.

1-Qoraqalpog‘iston saylov okrugi hududidagi 654 ta saylov uchastkasiga mahalliy hokimlik tavsiyasiga ko‘ra el orasida obro‘ga ega 6 ming 266 nafar komissiya a’zosi tasdiqlangan. Ushbu komissiya a’zolari qoraqalpoq, o‘zbek, rus, turkman va boshqa millat vakillaridan iborat. Ularning 50,9 foizi xotin-qiz tashkil etadi.

Orolbo‘yining barcha saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni davom etmoqda.

Dovud ABIBULLAEV,

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA