Parij politsiyasi yakshanbaga o‘tar kechasi tartibsizlikda ishtirok etgan 80 kishini qo‘lga oldi. Fransiyaning Nant shahri chetida 27 iyun kuni politsiya talabiga bo‘ysinmagan 17 yoshli haydovchi Noil Merzuk otib o‘ldirilgandan so‘ng mamlakatni norozilik aksiyasi qamrab oldi. Bu haqda “BFM” telekanali xabar tarqatdi.
Kecha Merzukning dafn marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Matbuot uchun yopiq vidolashuv marosimida yuzlab odamlar qatnashdi.
Qayd etilishicha, shanba kuni kechqurun mamlakatning turli shahar, viloyatlarida jamoat transporti harakati cheklandi. Namoyishning to‘rtinchi kuni Marselda 55, Nitssada 32, jami 1 300 kishi hibsga olingan.
Adliya vaziri Erik Dyupon-Moretti bayonotiga ko‘ra, qo‘lga tushirilganlarning uchdan biri balog‘atga yetmaganlar. Vazir ota-onalarni farzandi uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Mamlakat bo‘ylab o‘nta savdo markazi, 200 dan ziyod supermarket, yuzlab tamaki do‘koni, tashkilot, muassasalar talon-taroj qilingani aytilmoqda. O‘nlab huquq-tartibot idoralari xodimi yaralangan.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 3 iyulga rejalashtirilgan Germaniya safarini qoldirdi.