O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali “Oliy ta’lim muassasalariga bu yilgi o‘qishga qabul qilish tartibi” mavzuidagi ovozli chatda abituriyentlar tomonidan berilgan savollarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bosh mutaxassisi Zafar Amirqulov javob berdi.
– Bu yil magistraturaga qabul bo‘yicha mutaxassislik fanidan imtihon bo‘lishi haqidagi xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin?
– Ijtimoiy tarmoqlarda bu yilgi magistraturaga qabulda mutaxassislik fanidan imtihon bo‘ladi, degan mazmundagi xabarlar tarqaldi. Bunday xabarlar asosga ega emas.
Amaldagi tartibga ko‘ra magistraturaga onlayn tartibda hujjat topshiriladi. Hujjat topshirilganda talabgorlarning magistraturaga tavsiya etilishi diplom bali hamda chet tilini bilish darajasiga qarab belgilanadi.
– Abituriyentlarni ro‘yxatga olish tartibi qanday va u qachongacha davom etadi?
– 20 iyundan boshlab bakalavriat bosqichi uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Hujjat topshirish 20 iyul kunigacha umumiy tartibda davom etadi. O‘tgan yildan boshlab mutaxassisligida chet tili birinchi fan bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlariga kasbiy ijodiy imtihonlar joriy etilgan. Shu yo‘nalishlarga hujjat topshiradigan abituriyentlarimiz 10 iyulga qadar ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Ya’ni ular kasbiy ijodiy imtihonlarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
– Abituriyentlardan ro‘yxatdan o‘tish uchun qanday hujjatlar talab etiladi?
– So‘nggi yillarda oliy ta’limga kirishdan to tugatishgacha bo‘lgan jarayonlar raqamlashtirishga o‘tildi. Ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechildi. Hozirgi abituriyentning ortiqcha hujjat ko‘tarib yurishiga asos yo‘q. Faqatgina shaxsini tasdiqlovchi pasport ma’lumotlari hamda qandaydir imtiyozga ega bo‘lsa o‘sha imtiyozni asoslantiruvchi hujjatlari onlayn platforma orqali ro‘yxatga kiritiladi. Hattoki, imtiyoz beruvchi hujjatlar ham platformaning o‘zida shakllangan. Faqat ulardan onlayn ro‘yxatdan o‘tayotganda imtiyozning turi, shaklini belgilashlari talab etiladi.
Internet aloqasi yo‘q yoki boshqa vajlari bor abituriyentlar uchun ham qo‘shimcha imkoniyat bor. O‘zlariga yaqin joydagi davlat xizmatlari markazlariga shaxsini tasdiqlovchi va imtiyoz beruvchi hujjatlarning elektron shaklini olib borishsa, ularni ro‘yxatdan o‘tkazishda amaliy yordam beriladi.
N.Rahmonova, A.Sodiqov (video), O‘zA