Bugun, 22 iyun kuni Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida shaxmat bo‘yicha nufuzli “Global Chess League“ turniri boshlandi.

Musobaqada jahonning yetakchi shaxmatchilari 6 ta jamoa tarkibida bosh sovrin uchun kurash olib boradi.

Avval xabar berganimizdek, ushbu nufuzli musobaqada hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov “Balan Alaskan Knights“, Javohir Sindorov esa ”UpGrad Mumba Masters“ jamoasi tarkibida dona suradi.

Bugun 1-tur doirasida Javohir Sindorov “UpGrad Mumba Masters“ tarkibida ”Triveni Continental Kings“ bilan bellashadi. Javohir o‘z o‘yinini daniyalik Yonas Bal Berrega qarshi o‘tkazadi.

Nodirbek Abdusattorov o‘ynayotgan “Balan Alaskan Knights“ esa musobaqani ertaga, 23 iyun kuni ”SG Alpine Warriors“ga qarshi boshlaydi. Nodirbek mazkur qarama-qarshilikda 2-stolda hindistonlik Gukesh bilan ro‘baro‘ keladi.

Ertaga shuningdek, 2-turda har ikki hamyurtimizning jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi. Unda Abdusattorovga rossiyalik Aleksandr Grishuk raqiblik qilsa, Sindorov hindistonlik Raunak Sadvani bilan kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, “Global Chess League” turniri 2 iyulgacha davom etadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA