Mehnat qonunchiligiga ko‘ra xodimga ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi.
Hukumatning 2018-yil 20-apreldagi farmoyishi bilan joriy yil aprel oyining 21, 22, 28 va 29 sanalari – shanba va yakshanba kunlari bank tizimi, moliya hamda soliq idoralarining ayrim xodimlarini qonunchilikda belgilangan tartibda ishga jalb qilishga ruxsat berildi.
Eslatib o‘tamiz, mehnat qonunchiligiga ko‘ra xodimga:
ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi;
to‘lanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, – ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi;
dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin;
dam olish kunidagi ish yoxud ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to‘lanadi.
Manba: Adliya vazirligining telegramdagi “Huquqiy axborot” kanali.
O‘zA