BMT Iqtisodiy va ijtimoiy departamenti yaqinda tayyorlagan hisobotda inflyatsiya va foiz stavkasi o‘sishi asnosida jahon iqtisodiyoti uzoq davom etadigan sekin o‘sish davriga duch kelayotgani aytilgan. Ekspertlar jahon iqtisodiyotining joriy holatiga baho berar ekan, joriy yil global yalpi ichki mahsulot o‘sishi 2,3 foizni tashkil qilishi mumkinligini tadqiqot xulosasi sifatida keltirmoqda.

To‘g‘ri, bu ham ijobiy ko‘rsatkich, lekin pandemiyadan oldingi o‘rtacha o‘sish 3,1 foizbo‘lgani hisobga olinsa, sezilarli pasayish ayon. Qolaversa,2024yil uchunprognoz ham2,5 foiz. Xolbuki, joriy yil boshida BMT mutaxassislari kelgusi yil global iqtisodiyot yanada ishonchli o‘sishi mumkinligini bashorat qilgan edi. Afsuski, COVID-19 pandemiyasi oqibati, iqlim o‘zgarishining kuchayib borayotgan ta’siri va tarkibiy makroiqtisodiy muammolar global iqtisodiy ko‘rsatkichga bosim o‘tkazishda davom etmoqda.

AQSHda 2023 yil uchun o‘sish prognozi uy xo‘jaligi xarajati barqaror oshishi asnosida 1,1 foiz ko‘tarilgan. Yevropa Ittifoqi iqtisodiyoti 0,9 foiz o‘sishi kutilmoqda, bu gaz narxi pasayishi va iste’mol xarajati ko‘tarilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Xitoy hukumatining COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovni bekor qilish qarori tufayli yalpi ichki mahsulot o‘sishi 5,3 foizga yetishi bashorat qilinmoqda.

Ekspertlar faqat qudratli davlatlar iqtisodiyotiga baho berish bilan cheklanib qolmagan, albatta. Zero, dunyo iqtisodiyoti faqat shu mamlakatlar ko‘rsatkichini ifodalamaydi. Hisob-kitobga qaraganda, ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar o‘sish prognozi keskin kredit sharti yoki tashqi moliyalashtirish xarajati oshishi sababli, qayta ko‘rib chiqilgan.

Afrika va Janubiy Amerika mamlakatlarida bu yil YAIM o‘sishi juda past, ya’ni iqtisodiy ko‘rsatkich uzoq muddatli turg‘unlik tendensiyasini namoyon etadi.

Eng kam rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyoti 2023 yil atigi 4,1 foiz, 2024 yil esa 5,2 foiz o‘sadi. Afsuski, bu 7 foizlik maqsaddan ancha past, deyishadi mutaxassislar.

Shunday ekan, jahon hamjamiyati ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar duch kelayotgan moliyaviy tafovutni zudlik bilan bartaraf etishi va barqaror rivojlanishga muhim sarmoya kiritish salohiyatini kuchaytirishi kerak.
Hisobotda ta’kidlanishicha, Rossiya – Ukraina ziddiyatining iqtisodiy oqibati, jumladan RFga qarshi sanksiyaning sobiq ittifoq hududi istiqboliga ta’siri davom etmoqda.

Rossiya iqtisodiyoti2023 yil biroz kuchsizlandi, 2024 yil esa o‘sishi kutilyapti. Yevropadan Osiyoga yo‘naltirilgan neft eksportidan tushum 2023 yil birinchi chorakda keskin kamaydi. Iqtisodiyotni, harbiy sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash 2023 yilgacha davom etadi, biroq uchinchi davlatlar orqali sanksiyalangan texnologiyalarni olib kirishga nisbatan cheklovni qat’iy qo‘llash iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

2022yil 29,1 foiz kamaygan Ukraina iqtisodiyoti 2023yil turg‘unlashadi. JB va YeI ekspertlari fikricha, mamlakat iqtisodiyotini tiklash uchun 411 milliard dollar kerak.

Neft eksport qiluvchi davlatlar – Qozog‘iston va Ozarbayjonda qora oltin narxi oshishi evaziga YAIM o‘sishi kuzatiladi.

Inflyatsiya va mehnat bozori

BMT ekspertlari ta’kidlashicha, o‘tgan yil dunyo bo‘ylab oziq-ovqat va energiya narxi sezilarli darajada tushib ketgan bo‘lsa-da, ko‘plab mamlakatlarda inflyatsiya yuqoriligicha qolmoqda. Mahalliy ta’minot zanjiridagi uzilish va yuqori import xarajati tufayli ko‘pchilik rivojlanayotgan mamlakatlarda ichki oziq-ovqat inflyatsiyasi yuqori. Bundan birinchi bo‘lib eng kambag‘al guruhlar zarar ko‘rmoqda.

Hisobotda keltirilishicha, 2023 yil global inflyatsiyaning o‘rtacha darajasi 5,2 foizni tashkil etadi. 2022yil bu raqam yigirma yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkich – 7,5 foizga chiqqandi.

Tahlilchilar, shuningdek, AQSH, Yevropa va iqtisodiyoti rivojlangan boshqa davlatlarda mehnat bozori barqaror qolayotganini ta’kidlamoqda. Bu mamlakatlarda ishsizlik darajasi haliyam past, ayrim mamlakatlarda, hatto, ishchilarga talab kuchaygan, ish haqi ham muntazam ortmoqda. Bundan tashqari pandemiya davrida kengaygan mehnat bozoridagi gender tafovuti qisqarmoqda.

Ishsizlik kamayishi iste’mol xarajati oshishiga olib keladi, inflyatsiyani yumshatish vazifasini murakkablashtiradi. AQSH Federal zaxira tizimi, Yevropa va rivojlangan mamlakatlar markaziy banklari 2023 yil foiz stavkasini, o‘tgan yilga nisbatan sekinroq bo‘lsa-da, oshirishda davom etyapti.

Ma’lumki, global moliyaviy sharoit keskinlashishi ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar uchun jiddiy xavf sanaladi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, foiz stavkasi ko‘tarilishi va “miqdoriy qat’iylashtirish” siyosati olib borilishi rivojlanayotgan mamlakatlarning qarzdorlik zaifligini oshiradi. Shundan kelib chiqib, ekspertlar rivojlanayotgan iqtisodiyotga yuqori tashqi qarz va sekin o‘sishning ayanchli siklini buzish imkonini beradigan faol xalqaro hamkorlik zarurligini qayta-qayta ta’kidlamoqda.

S.Rahimov, O‘zA