Buxoro viloyatida 19-aprel kuni Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish imkonini beradigan boy uglevodorod zaxiralariga ega. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi barcha mineral zaxiralarning uchdan bir qismi O‘zbekiston hududida joylashgan. Mamlakatimiz gaz qazib chiqarish bo‘yicha dunyoning dastlabki yigirmataligiga kiradi.
Hozirgi bosqichda tarmoqning asosiy iqtisodiy yo‘nalishlaridan biri uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash va undan qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda eksport geografiyasini kengaytirish hisoblanadi. Bu boradagi loyihalarni amalga oshirish uchun mamlakatimizga neft va gaz qazib chiqarishda yetakchi bo‘lgan qator yirik chet el kompaniyalari jalb etilmoqda. Rossiyaning “Lukoyl” neft kompaniyasi bilan hamkorlikda “Qandim – Xauzak – Shodi – Ko‘ng‘irot” mahsulot taqsimoti bitimi doirasida bunyod etilgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi ulardan biridir.
Qandim gazni qayta ishlash majmuasi tarkibiga gaz qazib olish va yig‘ish tizimi, ikkita gazni qayta ishlash texnologik tarmog‘i, mahsulotlarni ortish va tashish uchun terminallar, magistral gaz quvuri orqali tabiiy gazni eksport qilish hamda muhandislik va energoresurslar bilan ta’minlash qurilmalari kiradi. Bu yerga gaz ikkita tabiiy gaz yig‘ish punktiga birlashtirilgan 114 quduqdan keladi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tabrigini ushbu mamlakatning energetika vaziri Aleksandr Novak o‘qib eshittirdi.
“Lukoyl” kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperov, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi muhandisi Shahzod Qurbonov, neft-gaz sohasi faxriysi Komil Fozilov ushbu sana mamlakatimiz uchun tarixiy kun ekani, cho‘ldagi mo‘jizaga aylangan mazkur majmua O‘zbekistonda hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilayotgan islohotlarning natijasi ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Qandim gazni qayta ishlash majmuasi faoliyatiga start beruvchi ramziy tugma bosildi.
– Biz bugun juda muhim voqea guvohi bo‘ldik, – dedi Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev. – Men ikki yil avval mana shu majmua poydevoriga tamal toshi quyilgan kunni mamnuniyat bilan eslayman. Qandim loyihasi O‘zbekiston iqtisodiyotida alohida o‘rin tutadi. Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, Qandim majmuasi O‘zbekistonga faqat tabiiy xomashyo bilan cheklanib qolmay, uni chuqur qayta ishlash borasida ham katta imkoniyat yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ishga tushirilishi O‘zbekistonda gaz konlarini o‘zlashtirishda yangi bosqichni boshlab berdi. O‘zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri bo‘lgan neft-gaz sohasi rivoji mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yanada oshishida muhim omil bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari majmuaning texnologik jarayonini ko‘zdan kechirdi. Laboratoriya va markaziy boshqaruv pultida bo‘ldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Buxoroga tashrifi davomida viloyat va tumanlar hokimlari, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, mutasaddilar bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining joriy yil 16-17 fevral kunlari viloyatga tashrifi asnosida belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari dastlab viloyatdagi to‘rt sektor rahbarlari, tashkilot va idoralar mas’ullari bilan muloqot qildi. Unda Prezidentimizning joriy yil 2 mart kuni viloyatga tashrifi chog‘ida belgilangan vazifalar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi. Viloyat ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.
Shavkat Mirziyoyev “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Xususan, jamiyat hududida uchta yirik investitsion loyiha – Polivinilxlorid (PVX), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish, Ammiak va karbamid ishlab chiqarish hamda Azot kislotasi ishlab chiqarish korxonalari qurilishi qizg‘in davom etmoqda. Ushbu korxonalarga zamonaviy, tejamkor texnologik uskunalar o‘rnatiladi.
Polivinilxlorid (PVX), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 500 million AQSH dollaridan oshadi. Qurilish ishlarini Xitoyning “China CAMC Engineering CO. LTD” va “HQC (Shanghai)” kompaniyalari konsorsiumi hamda yurtimiz mutaxassislari amalga oshirmoqda.
Qurilish ishlarida 197 zamonaviy texnika, 1280 ishchi mehnat qilmoqda. Korxonani malakali xodimlar bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilayotir. Bu yerga o‘rnatiladigan zamonaviy uskunalarni boshqarish uchun mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida muhandis-texnolog, mexanik, energetik, iqtisodchi va dasturchilar tayyorlanyapti. Ishchilarning asosiy qismi Navoiy shahridagi kasb-hunar kollejlarida tayyorlanadi.
“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatining mavjud energiya sarfi yuqori bo‘lgan ammiak ishlab chiqarish 1-2 navbatlarini ekspluatatsiyadan chiqarish ko‘zda tutilgan. Xususan, Ammiak va karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 985 million dollar bo‘lgan loyiha amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlari yakunlangach, bu yerda yiliga 660 ming tonna ammiak, shuningdek, 577,5 ming tonna karbamid olish, ulardan tayyorlanadigan mineral o‘g‘itlar turini oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi. 500 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
Aksiyadorlik jamiyatining azot ishlab chiqarish bo‘yicha eski 1-2 navbatlari ham ekspluatatsiyadan chiqarilmoqda. Ya’ni kelasi yili yana bir loyiha – Azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasi qurilishini nihoyasiga yetkazish rejalashtirilgan. Texnik iqtisodiy asoslarga muvofiq umumiy qiymati 216,6 million dollarga teng ushbu ishlab chiqarish obyekti Shveysariyaning “CASALE SA” kompaniyasi tomonidan bunyod etilmoqda. Bu yerda yiliga 500 ming tonna mahsulot tayyorlash mumkin bo‘ladi, 122 ta ish o‘rni yaratiladi.
Bu kabi yirik ishlab chiqarish korxonalarida mehnat qiladigan tajribali muhandis va ishchi-xodimlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratish zarur. Kerak bo‘lsa, ularni xorijdagi korxonalarga jo‘natib, tajriba almashish va malaka oshirishini yo‘lga qo‘yishimiz lozim, dedi Shavkat Mirziyoyev.