O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, mamlakat Velosiped sporti federatsiyasi rahbari Tanzila Norboyeva Osiyo velosport konfederatsiyasi prezidenti Osama Al-Shafarni qabul qildi.
Uchrashuvda yurtimizda velosportni yanada rivojlantirish, velosiped sport turlarini aholi o‘rtasida ommalashtirish, yoshlar va xotin-qizlarni ushbu sport turiga keng jalb qilish, professional sportchilarni tayyorlash, Osiyo velosport konfederatsiyasi bilan hamkorlikda istiqbolli rejalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarga erishayotgani, O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoalari UCI Olimpiya reytingidan joy olgani, erkaklar terma jamoasi UCI xalqaro reytingida 52-o‘rindan 34-o‘ringa, ayollar terma jamoasi 22-o‘rindan 17-o‘ringa ko‘tarilgani qayd etildi.
O‘z navbatida, Osama Al-Shafar O‘zbekistonda velosportni rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni, sportchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarni yuqori baholab, atletlarimizning qisqa davr ichida jahon velosport olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgani va Osiyo qit’asi o‘zbekistonlik sportchilarning yutuqlari bilan faxrlanayotganini bildirdi.
Shu bilan birga, Osiyo velosport konfederatsiyasi bundan keyin ham O‘zbekistonda velosportni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini qayd etdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda velosportning shosse, tog‘ va trek turlari bo‘yicha musobaqalarni tashkil etish, Osiyo chempionatlarini o‘tkazish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
O‘zbekiston velosport terma jamoasining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, xorijiy murabbiylarni jalb etish orqali sportchilarni kelgusidagi yirik musobaqalarga puxta tayyorlash kabi ustuvor masalalar yuzasidan hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA