Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida Muvofiqlashtiruvchi kengashga O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha ikkinchi Ixtiyoriy milliy hisoboti loyihasini ishlab chiqish va uning muhokamasini tashkil etish belgilangan.
Shu munosabat bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Byudjet tashkilotlari moliya-hisob bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv markazida Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirokida Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Iqtisodiy farovonlik” hamda “Ijtimoiy himoya” yo‘nalishlari bo‘yicha ekspert guruhlari ishtirokida O‘zbekistonning ikkinchi Ixtiyoriy milliy hisoboti loyihasi muhokamasi majlisi o‘tkazildi.
– O‘zbekiston 2030 yilgacha barqaror rivojlanish bo‘yicha kun tartibida qator maqsadlarni belgilab olgan. Barcha islohot inson manfaatlarini ta’minlashi barobarida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi, – deydi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Shuhrat Sharipov. – O‘zbekiston 2020 yilda BMTning yuqori darajadagi siyosiy forumida ilk marotaba Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) doirasida bajarilgan ishlar va qator muammolar kiritilgan birinchi Ixtiyoriy milliy hisobotini (keyingi o‘rinlarda IMH) taqdim qildi. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilangan maqsadlarda ekspert guruhlar tasdiqlangan. Har bir ekspert guruhlar o‘zining yo‘nalishlari bo‘yicha barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun ishlar amalga oshiradi va ularni tahlil qilib borishadi.
Xalqaro hamjamiyat va aholi takliflari inobatga olingan. Shuningdek, so‘nggi yillarda barcha imkoniyatlar ishga solingan holda ushbu muammolarni bartaraf qilish va ularning yechimini topish choralari amalga oshirildi. Natijada BRM ko‘rsatkichlariga erishish yo‘lida ijobiy tendensiyalarga erishildi. Jumladan, maktabgacha ta’lim qamrovi 70 foizga yetkazildi. 2019 – 2021 yillarda oliy ta’lim muassasalari soni va qabul kvotalari qariyb 2 barobarga oshirildi. Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlar soni 2 barobarga oshdi.
Tadbirda qayd etilishicha, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi boshqa manfaatdor vazirlik, idoralar, nodavlat-notijorat tashkilotlari bilan birgalikda Ikkinchi Ixtiyoriy milliy hisobotining dastlabki loyihasini ishlab chiqqan.
Ikkinchi Ixtiyoriy milliy hisobotga ko‘ra, respublikamizda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 2015 yildagi 21 foizdan 2022 yilda 70 foizga yetkazildi. Shu bilan birga, xotin-qizlar ta’lim olishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi.
Hisobotda aholi farovonligini ta’minlashni sekinlashtiruvchi omillar, makroiqtisodiy barqarorlikka, mamlakatning oziq-ovqat, energetika, texnologik, axborot va ekologik xavfsizligini ta’minlashga ma’lum darajada salbiy ta’sir etuvchi tashqi xatarlar va ichki xatarlar ham alohida qayd etilgan.
Milliy hisobotning ushbu loyihasi avvalroq muhokama uchun Iqtisodiyot vazirligining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida jamoatchilikka taqdim etildi.
Hisobotni keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat uchun e’lon qilishdan maqsad BRMga erishish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirish, odamlar fikri va takliflari asosida barcha yo‘nalishdagi islohotlarni yanada takomillashtirishdan iboratdir.
Tadbirda ishtirokchilar Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha Ikkinchi Ixtiyoriy milliy hisoboti loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA