Birlashgan Millatlar Tashkiloti bolalar va qurolli nizolar bo‘yicha maxsus vakili Virjiniya Gamba 9 may kuni Ukrainaga bordi. 13 maygacha davom etadigan tashrif davomida u harbiy amaliyotning ukrainalik bolalar uchun oqibatini o‘rganadi. Bu haqda Nyu-Yorkdagi brifingda BMT matbuot kotibi o‘rinbosari Farxon Haq ma’lum qildi. Qayd etilishicha, maxsus vakil Ukraina hukumati bilan bolalarni himoya qilishni kuchaytirish va ularga nisbatan qo‘pol huquqbuzarlikning oldini olish choralarini muhokama qilmoqchi.

Mazkur tadbir BMT Bosh kotibi talabiga muvofiq amalga oshirilmoqda. Dunyo bo‘ylab qurolli nizolardan aziyat chekkan bolalar ahvoli to‘g‘risidagi so‘nggi hisobotida BMT rahbari maxsus vakiliga bolalarni himoya qilish, jumladan, keskin mojarolarning oldini olish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish, xususan, Ukrainadagi ziddiyat tomonlari bilan muloqotga kirishishni so‘ragan.

Virjiniya Gamba hukumat vakillari hamda BMTning Ukrainadagi xodimlari bilan uchrashadi. Aprel oyi boshida taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, mamlakatda o‘tgan yil fevral oyidan buyon kamida 501 bola halok bo‘lgan, mingga yaqin o‘g‘il-qiz jarohatlangan. Bu BMT Inson huquqlari boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan raqam. Haqiqiy statistika, BMT qayta-qayta ta’kidlaganidek, boshqacha bo‘lishi ham mumkin.

O‘zA